Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida elektr energiyasi ishlab chiqarish, quvvati 1500 kVt. bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilish jarayoni va muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Prezidentimiz raisligida 2022 yil 10 iyun kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimi korxonalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari joriy etilmoqda.

Mamlakatimizdagi eng yirik elektr stansiyasi hisoblangan Sirdaryo IESda amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Elektr stansiyasining o‘rnatilgan quvvati 3 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘lsa-da, bugungi kunda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini inobatga olgan holda zamonaviy, iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurish zamon talabiga aylanib bormoqda.

OAV vakillariga Sirdaryo IES mas’ullari stansiyaning barpo bo‘lishidan tortib uning hozirgi kungacha bo‘lgan faoliyati haqida ma’lumot berdi. So‘ng press-tur ishtirokchilari joriy yilning sentyabr oyidan buyon Sirdaryo IES korxonasining ichki hududida joylashgan 2 gektarlik ochiq maydonda “O‘zbekenergota’mir” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan quvvati 1200-1500 kVt.soat bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasining qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur stansiya ishga tushirilgach, yiliga 3 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, bu esa 900 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi demakdir. Ushbu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, tizimda energiya samaradorligiga erishish, o‘z ehtiyojlari uchun sarflanadigan energiyani muqobil energiya manbalaridan qoplash orqali yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish orqali mahsulot tannarxini yanada pasaytirishdir.

Qish mavsumida energobloklarning betalafot va barqaror ishlashini, xalqimizni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash kabi maqsadlarda “Issiqlik elektr energiyalari” AJ boshqa korxonalari kabi, Sirdaryo IES korxonasida ham korxonaning rahbar xodimlaridan iborat 24 soatlik shtab tashkil etilgan. Vazifa - tunu-kun energobloklarning normal ish rejimida bo‘lishini qat’iy nazoratga olishdir.

Sirdaryo IESda jami 10 ta energoblok bo‘lib, energouskunalar ishlab chiqarish jarayonining barqarorligi va ishonchliligini ta’minlash maqsadida, joriy yilda ikkita energoblokda mukammal ta’mirlash, qolgan energobloklarda esa joriy ta’mirlash ishlari reja asosida bosqichma-bosqich amalga oshirildi.
Press-tur davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar oldi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA