O‘ziga xos sinov davri bo‘lgan qish mavsumida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilot rahbarlari oldiga qator vazifalar qo‘yilmoqda. Havo haroratining keskin pasayishi natijasida respublikamizda bo‘lgani singari Toshkent viloyati Piskent tumanida ham tabiiy gaz va elektr ta’minotida birmuncha uzilishlar kuzatilyapti.
Tuman hokimi topshirig‘i asosida tabiiy gaz bosimi pasaygan va ayrim hududlari gazlashmagan 16 mahallada issiqlik ta’minoti barqarorligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Shartnoma asosida suyultirilgan gaz hamda arzon narxlarda, ya’ni 1 kilogrammi -303 so‘m, 1 tonnasi – 303 ming so‘mdan ko‘mir mahallalarning o‘ziga yetkazib berilmoqda.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkazilgan xatlovda 16 ta mahalladagi jami 2132 ta xonadonning ko‘mirga, 2199 xonadon suyultirilgan gazga ehtiyoji mavjudligi aniqlangan. Hozirgi kunda ushbu xonadonlar hamda sovuq havo sababli qo‘shimcha ro‘yxatga olingan iste’molchilar uchun uzluksiz ravishda ballonlarda gaz yetkazib berilmoqda. Xususan, 1337 ta xonadon uchun jami 1370 tonna arzon narxda ko‘mir yoqilg‘isi berildi. Ushbu xonadonlarning 26 tasi “Temir daftar” ro‘yxatiga olingan fuqarolar bo‘lib, ularga yoqilg‘i bepul ajratildi. Ta’kidlash joizki, tuman hokimligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi va “Dehqon bozori” hamkorligida tumanda ko‘mir zaxiralari ham yaratilgan. Bunda fuqarolar sovuq kunlarda qo‘shni O‘rta Chirchiq tumaniga qatnashining oldini olish va yo‘l xarajatlarini tejash, ularga qulaylik yaratish maqsadi ko‘zlangan.

Joylardagi o‘rganishlar natijasida maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari issiqlik ta’minoti ham nazardan chetda qolmadi. Tuman hokimi farmoyishi asosida tibbiyot muassasalari issiqlik ta’minoti qo‘shimcha ravishda ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirildi. Bolajonlarga qulay sharoit bo‘lishi va issiqlik tizimi barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida 10 ta maktabgacha ta’lim muassasasiga 40 million so‘mlik elektr generatorlari, 41 ta maktabga 78 million so‘mlik 525 ta harakat datchigi, 20 ta maktab uchun 15 million so‘mlik zamonaviy gorelkalar, 2 ta maktabga 50 million so‘mlik ko‘mir yoqilg‘isi bilan ishlovchi qozonxonalar xarid qilindi. Maqsad — qish mavsumidan aholining xavfsiz va betalafot o‘tib olishini ta’minlashdir.
A. Musayev, O‘zA.