French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – Osiyo va Yevropa bozorlariga kirib borish
13:38 / 2025-06-03

Bugungi kunda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklik aloqalari natijasida Buxoro viloyati iqtisodiy salohiyati rivojlanishi uchun imkoniyatlar ko‘lami yanada ortdi.

O‘tgan yili Italiya bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb besh million dollarga yetdi. Ushbu mamlakat bozorlariga to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi 500 ming dollarga yaqinlashdi. Buxoro shahrida faoliyat olib boruvchi “Lattico” sutni qayta ishlash korxonasining mahsulotlari esa bozorlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurgan. 

– Hozirgi paytda O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi asosiy masala bo‘lib kelgan paytda biz 2022 yilda sakkiz million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilib, Italiya brendi asosida korxona tashkil qildik, – deydi jamiyat bo‘lim boshlig‘i Jamshid Jamilov. – Barcha uskunalar avtomatik ravishda ishlaydi. Bundan tashqari 47 turdagi kunlik 30 tonna sut mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahalliy bozorni 60 foiz rastalarini egallab, mahsulotlarni aholiga yetkazib kelmoqdamiz.

Italiyaning mashhur brendini O‘zbekistonga olib kirilishi natijasida endilikda Yevropa bozorlarida ham raqobatbardosh mahsulot yetkazib berish borasida katta loyihaga qo‘l urilmoqda.

– Ushbu zavod uchun barcha ishlab chiqarish uskunalari Italiyaning mashhur kompaniyalari tomonidan maxsus tayyorlangan bo‘lib, uzluksiz ish faoliyatini olib boradi. O‘zimizning fermada yetishtirilgan sut mahsulotlari korxonada to‘liq qayta ishlanadi. Sut mahsulotlari tabiiyligi Italiyaning bu texnologiyasi yordamida to‘liq saqlab qolinadi. Raqamli boshqaruv tizimi ishchilarning ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini oladi. Bu texnologiyalar ishlash tezligi va sifat samaradorligi sabab xaridorga talab darajasidagi mahsulotlarni yetkazib berish uchun anchagina samarali. Hozirda Italiya va Fransiya pishloqlari, Grek yogurtlari tayyorlash va qadoqlash bo‘yicha ham italiyalik hamkorlarimiz bizga yaqindan ko‘maklashmoqda. Bu mahsulotlar birinchidan uzoq muddatga saqlanishi bilan ajralib tursa, ikkinchidan Osiyo hamda Yevropa bozorlariga chiqish uchun ham keng yo‘l ochadi, – deydi bosh texnolog Galina Dremaretska.

Yevropa standartlari asosida sut mahsulotlarining 50 ga yaqin turlari ayni shu korxonada tayyorlanadi. Hozirda mahalliy bozor uchun kuniga 30 tonna sut mahsulotini qayta ishlayotgan zavod joriy yil so‘ngiga qadar eksport geografiyasini kengaytirishi natijasida ishlab chiqarish quvvatini ham oshirish imkoniga ega.

– Korxonada 80 nafar ishchilar ikki smenada faoliyat olib boryapti, – deydi korxona direktori o‘rinbosari Damir Rafikov. – Italiyalik hamkorlarimiz ushbu texnologiyalarni aynan O‘zbekistondagi sut mahsulotlarini tahlil qilgan holda bizga yetkazib berishgan. Bu joyda tayyorlanadigan mahsulotlarga hech qanday qo‘shimchalar qo‘shilmaydi. Bu joyda quruq sut yoki boshqa aralashmalar ishlatilmasligi sabab brendimiz bugun ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Monitoring natijalariga e’tibor qiladigan bo‘lsak, mahalliy bozorda 10 ga yaqin viloyatlarda o‘z o‘rnimizga egamiz. Imkoniyatlarni chamalagan holda Osiyo va Yevropa bozorlariga ham mahsulot eksport qilish uchun yangi loyihani amalga oshirish ustida izlanishlar davom etmoqda. 

[gallery-23733]

Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratib berilgan keng ko‘lamdagi sharoitlar natijasida korxona xalqaro darajadagi sifat sertifikatini qo‘lga kiritgan. Korxona tabiiy sutni qayta ishlab, xaridorlar ishonchini to‘la qozongan. Italiya bilan hamkorlik natijasida qisqa davrda katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan korxonaning hali oldinda rejalari bor. O‘zbekiston pishlog‘ini Yevropaning top o‘ntaligiga kiritish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.