Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida jamiyat poydevori hisoblangan oilaning mustahkamligini ta’minlash, oiladagi nizo va muammolarni barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir Jizzax viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati va viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida tashkil etildi.

Oila – muqaddas dargoh. Oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Oila inson kamolotining bosh bo‘g‘ini, davlat tizimining eng muhim instituti, jamiyatimiz o‘zagi, negizidir. Har qaysi millatning o‘ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda oilaning o‘rni va ta’siri beqiyosdir.

Ushbu tadbirdan ham ko‘zlangan asosiy maqsad oilaviy ajrimlarning oldini olish, erta nikohlar sonini kamaytirish, ularning ijtimoiy va ma’naviy oqibatlariga qarshi samarali kurashish, shuningdek, mahallalardagi muammolarni o‘rganish va hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari hamda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida oilaviy nizolarni sudga qadar hal etish, taraflar o‘rtasida murosani ta’minlash, moddiy ta’minot va umumiy mulkka oid mojarolarni huquqiy yo‘llar orqali hal qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudi sudyasi M.Saidmurodov, tuman hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i L.Mamayunusova hamda tuman hokimligi yetakchi mutaxassisi X.Ortiqovalar ishtirokchilar bilan individual suhbatlar o‘tkazishdi, ularning muammo va mulohazalarini tinglashdi hamda ularga huquqiy tushuntirishlar berishdi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan 3 oila yarashtirilib, murosaga keltirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA