Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – oilaviy ajrimlarni oldini olish
12:34 / 2025-11-26

Jizzaxda viloyat sudi tashabbusi bilan o‘tkazilgan keng qamrovli tadbir oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish masalalariga bag‘ishlandi.

Unda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi, mas’ul idoralar vakillari, otinoyilar, imom-xatiblar, “Oqila ayollar” harakati yetakchilari hamda nizoli oilalar ishtirok etdi.

Tadbirni Jizzax viloyati sudining raisi Akram Shukurov ochib, oila barqarorligi jamiyat rivojining asosiy omili ekanini, oilaviy nizolarni barvaqt bartaraf etish va yarashtirish ishlari nafaqat bir oila taqdiri, balki keng jamoatchilik osoyishtaligi uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova hamda viloyat bosh imom xatibining o‘rinbosari Narzullo Ahmedov o‘z chiqishlarida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va nizolarni erta bosqichda aniqlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi. Ular har bir fuqaro oila yaxlitligini saqlashda mas’ul ekanini qayd etdilar.

Shu bilan birga, Jizzax viloyati sudi va viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik Memorandumi doirasida hududlarda ajralish yoqasiga kelgan oilalarni yarashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirning amaliy qismida 22 ta nizoli oila bilan individual suhbatlar o‘tkazilib, ulardan 7 tasida yarashuvga erishildi. Yarashgan oilalarga viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Jizzax viloyat kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Jizzaxda tashkil etilgan ushbu tashabbus oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli ishlar amaliy natija berib borayotganini ko‘rsatadi. Bunday chora-tadbirlar oilalarda tinchlikni ta’minlash bilan birga, jamiyat barqarorligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari