Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – oilada sog‘lom muhitni tiklash
11:02 / 2024-01-05

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudi negizida oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan ikki nafar sudyadan iborat “Oila sudyalari”ni tajriba tariqasida tashkil etish belgilandi.

Davlatimiz rahbarining mazkur hujjatiga asosan oila sudyalarini aynan fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudi tarkibida tashkil etilishi bejiz emas. Oxirgi yillarda Namangan shahri hududida ikkita Yangi Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari tashkil etildi. Aholi soni ham 800 ming kishidan oshdi. Aholi sonining o‘sishi o‘z navbatida, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga kelib tushayotgan oilaviy nizolar bilan bog‘liq da’vo arizalarining ham sonini oshishiga sabab bo‘lmoqda.  

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan oilaviy nizolar soni 2000-2023 yillar davomida 1,5 baravarga oshgan. Ajrim yoqasida turgan oilalarni tiklash yo‘nalishida Namangan viloyatida sudlar, mahalliy hokimliklar, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, prokuratura, IIB hamda boshqa nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.  

Ushbu masalada imom xatib, otinoyi va nuroniylar ham faol ishtirok etmoqda. Sudga nikohdan ajrashish maqsadida berilgan har bir da’vo arizalar bo‘yicha er-xotinlarga oid ma’lumotlar har bir mahalla kesimida shakllantirilib, ularni jamoatchilik ishtirokida yarashtirish choralarini ko‘rish uchun viloyat oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga taqdim etib borilmoqda.  

O‘tgan 2023 yil davomida viloyat miqyosida faqatgina sudlarning ish yurituvidagi ishlar bo‘yicha ikki mingga yaqin nizolar taraflarni o‘zaro kelishtirish yo‘li bilan hal etilganligi hamda 164 ta oila yarashtirilganligi va 2022 yilga nisbatan sud qarorlari asosida nikohdan ajratilgan er-xotinlarning soni birmuncha kamaygan.  

Mamlakatimiz yetakchisining tashabbusi bilan “Oila sudyalari”ni tashkil etilishi kelgusida sudga nikohdan ajrashish maqsadida ariza bergan er-xotinlarni yarashtirish, oilada sog‘lom muhitni tiklash, oiladagi voyaga yetmagan farzandlar huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.  

Abdurahmon Safayev,

Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha

sudlov hay’ati raisi.

O‘zA.