Qaror va ijro
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 iyuldagi “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohada ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish va yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur qarorda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish, bugungi talab va taklif asosida imkoniyatlarni kengaytirish Sanoat energetika guruhining asosiy vazifasi hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib aytganda, Sanoat energetika guruhi tomonidan o‘tgan olti oy mobaynida qanday ishlar bajarildi va salmoqli yutuqlarga erishildimi?
Ushbu savol bilan Sanoat energetika guruhi ijrochi direktori To‘lqin ЮСУПОВga yuzlandik.
– Albatta, neft-gaz sohasida yuqori natijadorlikka erishishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu tarmoqqa qaratilayotgan e’tibor va islohotlar muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi T.Yusupov. – Bugungi kunda Sanoat energetika guruhi aynan shu islohotlar ijrosini ta’minlashga katta ahamiyat qaratmoqda. Shu o‘rinda aytish kerakki, Sanoat energetika guruhi 2030 yilgacha neft qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha davlat dasturi ijrochisi sifatida O‘zbekistondagi eng yirik vertikal integratsiyalashgan neft-gaz kompaniyalaridan biridir.
Kompaniyaning strategik maqsadi uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash va yuqori sifatli neft mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatimiz ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishdan iborat. Joriy yilning birinchi yarim yillik natijalariga ko‘ra hisobot davrining asosiy ko‘rsatkichlari Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish unumdorligining oshirilishi, neft mahsulotlarini sotish hajmining keskin o‘sishi, suyuq uglevodorodlar va gaz qazib chiqarishning ko‘payishi hisoblanadi.
Asosiy o‘sish ko‘rsatkichlari tahliliga ko‘ra, suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish 305,2 ming tonna, gaz qazib chiqarish 723,2 million metr kub, Farg‘ona NQIZda qayta ishlash hajmi 650,5 ming tonna va neft mahsulotlarini sotish hajmi 502,7 ming tonnani tashkil etdi. Shuningdek, ushbu zavodda neft xomashyosini qayta ishlash hajmi 650,5 ming tonna bo‘lib, 2022 yilga nisbatan o‘sish sur’ati 61 foizdir. Bu kompaniyaga 502,7 ming tonna neft mahsulotlari sotish imkonini berdi va bu o‘tgan yilga nisbatan 73,3 foiz ko‘p, degani. Ahamiyatlisi, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun 208 ming tonnadan ortiq dizel yoqilg‘isi va 168 ming tonnadan ortiq benzin yetkazib berildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi iste’molchilarni neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida kompaniya tomonidan 2023 yil aprel oyida “Toshkent” xalqaro aeroportidagi yoqilg‘i quyish majmuasi hududida neft mahsulotlarini saqlash va tarqatish terminali foydalanishga topshirildi. Bugungi kunga qadar terminal orqali 30 ming tonnadan ortiq neft mahsulotlari yetkazib berildi.
Shuningdek, suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmi 305,2 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,6 foizga o‘sdi. Gaz qazib olish 723,2 million kub metrni tashkil etib, bu 2022 yilning shu davrdagi ko‘rsatkichidan 22,8 foizga ko‘p. O‘rtacha sutkalik uglevodorod qazib olish hajmi esa 1648 tonna bo‘lib, o‘tgan yilning birinchi yarmidagiga nisbatan 1,7 foizga ko‘pdir.
O‘z navbatida, yangi quduqlarni burg‘ilashdan sanoat ekspluatatsiyasiga o‘tkazish, 106 quduqda amalga oshirilgan geologik-texnik tadbirlar, shu jumladan, ilgari likvidatsiya qilingan quduqlarni ishga tushirish va foydalanishga topshirish kabi ishlar o‘sishning asosiy omillari hisoblanadi. Qashqadaryo viloyatining “Chegara”, “Yangi Qoratepa”, “Sharqiy Ispanli” va “Jeynov” konlarida neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish loyihalarining amalga oshirilishi bunga yaqqol misoldir.
Kompaniya tomonidan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar oshib, 78 million dollarni tashkil etdi. 40 dan ziyod texnologik ob’ektlar kapital ta’mirlandi.
Xavfsiz ishlash va sanoat xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va ekologiya sohasidagi xalqaro standartlarga rioya qilish kompaniyaning asosiy qadriyatidir. Joriy yilning birinchi yarmida ishlab chiqarishda biron-bir baxtsiz hodisaga yo‘l qo‘yilmadi. Ish joylaridagi mehnat sharoitlarini baholash, shuningdek, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini aniqlash hamda mehnat sharoitlarini mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat me’yoriy talablariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rish maqsadida hisobot davrida 800 dan ortiq ish o‘rni attestatsiyadan o‘tkazildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kompaniya xodimlari barcha ishlab chiqarish bo‘linmalarida 4 ming 200 dan ortiq daraxt ko‘chati o‘tqazdi.
Kompaniya ISO 14000 (ekologik menejment tizimi) va ISO 45000 (mehnat salomatligi va xavfsizligi menejmenti tizimi) kabi xalqaro standartlarga asoslangan integratsiyalashgan boshqaruv tizimlarini joriy qilishni boshladi. 100 dan ortiq kishi yangi standartlar bo‘yicha ishlashga o‘qitildi.
Kadrlar masalasi Sanoat energetika guruhi faoliyatida muhim hisoblanadi. Shunga ko‘ra, kompaniyada yosh mutaxassislarni jalb qilish va kadrlar malakasini oshirishga 26 million dollardan ortiq sarmoya yo‘naltirildi. Jumladan, kadrlar tayyorlashning uzluksiz olib boriladigan jarayoni doirasida Qarshidagi Sanoat energetika guruhi ishlab chiqarish korxonasi negizida tashkil etilgan O‘quv poligonida “Neft va gaz qazib olish operatori”, “Quduqlarni o‘rganish operatori” mutaxassisliklari bo‘yicha 300 nafarga yaqin xodimlar tayyorlandi. Shu tariqa, o‘tgan yilning aprel oyida poligon ishga tushirilgandan buyon 800 ga yaqin neft va gaz qazib olish operatorlari kon sharoitlariga imkon qadar yaqin bo‘lgan shart-sharoitlarda o‘qitildi.
Xulosa o‘rnida aytganda, ushbu natijalar Sanoat energetika guruhining to‘liq integratsiyalashgan neft-gaz kompaniyasi sifatida O‘zbekistonga taqdim etishi mumkin bo‘lgan kengaytirilgan imkoniyatlar va samaradorlik darajasini ko‘rsatib beradi. Bu jarayonda kompaniya yangi ish o‘rinlari yaratish, xodimlarni yangi malakalarga o‘rgatish, kompaniya miqyosida xavfsiz mehnat amaliyotiga amal qilishni kuchaytirish va faoliyatining barcha jihatlarini takomillashtirishdan sira tolmaydi.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.