Yurtimizda kuzning salqin kunlari davom etib, o‘z navbatida qishning izg‘irinli kunlaridan darak bermoqda. Bu, albatta, aholi hamda ko‘plab ob’ektlarda elektr energiya va gazga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga olib keladi. Hozirda Buxoroda 170 mingga yaqin suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi.
Viloyatdagi suyultirilgan gaz iste’molchilariga mavjud 7 ta, ya’ni gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi Romitan, Qorako‘l va Vobkent tumanlarida hamda Kogon, G‘ijduvon, Peshku, Buxoro tumanlarida joylashgan gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali xizmat ko‘rsatilmoqda. Har bir gaz to‘ldirish shoxobchasida mavsumga tayyorgarlik ishlari samarali tashkil etilgan.

Gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi “Qorako‘l” gaz to‘ldirish shoxobchasi tumandagi 30 mingdan ziyod suyultirilgan gaz iste’molchilariga xizmat qiladi. Kunlik quvvati 22 tonna, oylik esa 450-500 tonna suyultirilgan gazni qabul qiladi. Biriktirilgan mas’ul xodim tomonidan maishiy gaz ballonlardagi og‘ir qoldiqlar maxsus uskuna orqali bo‘shatilib, to‘ldiruvchi chilangarlar tomonidan belgilangan miqdorlarda (20 kg) suyultirilgan gazga to‘ldiriladi.

Vobkent, Shofirkon, G‘ijduvon, Romitan, Jondor va Buxoro tumanlaridagi aholi iste’molchilarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda kunlik quvvati 22 tonna, oylik 450-500 tonna suyultirilgan gazni qabul qiladi.
O‘zA muxbiri Zarif Komilov yozib oldi.