Adolat bor joyda rivojlanish bo‘ladi. Bu ayni haqiqat. Korrupsiya esa – shu ishonchni yemiruvchi eng xavfli illat.
U insonlar orasidagi tenglikni buzadi, mehnat qadrini kamsitadi, rivojlanishni sustlashtiradi. Shubois, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat qonun talabi emas, balki jamiyat oldidagi burchdir.
Buxoroda kadastr sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar aynan shu burchni adoetishga qaratilgan.

Maqsad – xodimlar uchun pok muhit yaratish, fuqarolar uchun adolatli xizmatni ta’minlash va eng muhimi, kelajak avlodga sof tizimni qoldirish.
– Kadastr sohasi iqtisodiy munosabatlarning yuragi, – deydi Kadastr agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mutaxassis Sa’dullo Abdullayev. – U yerda shaffoflik qanchalik yuqori bo‘lsa, sohaning samaradorligi shunchalik ortib boradi. Bunga erishish uchun Boshqarmada profilaktika, targ‘ibot vanazorat ishlari kompleks tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Biz uchun eng muhim jihat har birxodimning qaror qabul qilishda xolis bo‘lishi, har bir fuqaro murojaati qonun asosida halqilinishi va hechqanday bosim yokitazyiqsiz faoliyat yuritilishidir. Bugungi kunga kelib, butun tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha barqaror mexanizmlar shakllandi.

Yil davomida boshqarmada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar sifat jihatidan ham, qamrov jihatidan ham mustahkamlandi. Jumladan, 152 nafar xodim bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. 51 ta umumiy profilaktika tadbiri tashkil etildi va 330 nafar xodim ishtirok etdi. Aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish maqsadida 22 ta mahalla, 14 ta ko‘cha, 7 ta qishloqqa chiqishlar amalga oshirildi. Jami 50 nafar fuqaroning fikr-mulohazalari tinglandi.
Alohida reja asosida kadastr xodimlari, jumladan “xavf-xatari yuqori bo‘lgan lavozim”larda faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan davlat xizmatchilari odob-axloqi va xizmat madaniyatiga bag‘ishlangan maxsus o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda. Ushbu seminarlar doirasida “Davlat xizmatchilari odob-axloqi” tushunchasi va uning ma’naviy negizlari, davlat xizmatchisining axloqiy sifatlari, faoliyat prinsiplari va xizmat odobi, davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etishning tashkiliy-huquqiy asoslari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga oid qonunchilik, davlat xizmatidagi cheklovlar kabi mavzular qamrab olinmoqda.
Keyingi yilda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar yanada kengaytiriladi. Asosiy e’tibor, xodimlar uchun muntazam profilaktika va o‘quv dasturlarini kuchaytirish, xavf-xatar xaritasi asosida xodimlar bilan individual ishlarni yo‘lga qo‘yish, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar siyosatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, Korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishi bo‘yicha “sun’iy intellekt” tizimi joriy qilish bilan samaradorlikni oshirish rejalashtirilgan.
Bugungi ishlar ertangi pok tizimning poydevoridir. Korrupsiyaga qarshi kurash – davriy kampaniya emas, balki uzluksiz jarayon. Bu jarayonda har bir xodimning halolligi, har bir rahbarning mas’uliyati va har bir fuqaroning ishonchi muhim o‘rin tutadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.