Kitobxonlikni targ‘ib qilish odatlarning eng yaxshisidir. Boisi kitob o‘qish insonning tafakkurini kengaytiribgina qolmay, uni ezgulik sari yetaklaydi.
Adliya vazirligi tomonidan kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi yana bir xayrli tashabbusga qo‘l urildi. Jumladan, vazirlik tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyat Qarshi shahridagi davlat xizmatlari markazida “Ziyo ulash” loyihasiga start berildi.


Unda adliya tizimida faoliyat olib boruvchi barcha xodimlar, xususan, adliya bo‘limlari, markazlar, FHDYO bo‘limlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, “Madad” byurolari xodimlari, shuningdek, ushbu tashkilotlarga kelgan aholi tomonidan markazlarga ixtiyoriylik asosida kitoblar taqdim etiladi.
– Davlat xizmatlari markazlarida kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi bunday burchaklar markazga keluvchi fuqarolarning vaqtini mazmunli o‘tishiga, kitobxonlik madaniyatini yanada yuksalishiga xizmat qiladi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimasi Shohida Shoyimova. – Istalgan fuqaro uyida yig‘ilib qolgan kitoblarni bu yerga sovg‘a qilishi, uyida o‘qish uchun almashtirib ketishi yoki shu yerning o‘zida o‘tirib o‘qishi mumkin. Maqsad odamlarga ziyo ulashish.


Ushbu loyiha “Kitob ulashing – ziyo ko‘payadi”, “Kitobni bu yerda almashtirib o‘qing”, “Kitob bering, kitob oling, ziyo ulashing” kabi chaqiriqlar bilan davom etmoqda.
– Xayrli tashabbus bo‘libdi, – deydi qarshilik Shavkat Aminov. – Ish bilan davlat xizmatlariga kelgandim. Hujjatlarni tayyor bo‘lishi uchun biroz vaqt kerakligini aytishdi. Aylanib kitobxonlik burchagiga kelib qoldim. Men sevib o‘qiydigan jahon adabiyotining durdona asarlari ham bor ekan. Ularni varaqlab vaqtim qanday o‘tganini bilmay qoldim, rosti.
Ushbu tashabbus doirasidagi loyihalar viloyatning tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida ham davom etmoqda.


O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri