Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida “Keksalar turizm oyligi”ni samarali o‘tkazish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminar o‘tkazildi.
Seminar O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ul hodimi Islomiddin Xoliqov va boshqalar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda turizm, ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirish, duogo‘y keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, e’zozlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Qo‘rg‘ontepa tumani hamda Xonobod shahar hokimliklari, Mahalla va Oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi vakillari, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi xodimlari, Xalq qabulxonasi, diniy idora mutaxassislari, shuningdek, 100 ga yaqin mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mutasaddilari ishtirok etgan seminarda “Keksalar turizm oyligi” doirasida mahallalarda istiqomat qilayotgan nuroniylar uchun mamlakatimizning tarixiy shaharlariga, ziyoratgohlarga sayohatlar tashkil etish, ko‘ngilochar madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, otaxon va onaxonlarning salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ishlar atroflicha muhokama etildi.

– Tumanimizda bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi Qo‘rg‘ontepa tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Shavkatbek Bilolov. – Maqsadimiz, “Keksalar turizm oyligi”ni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, nuroniylarimizning roziligi va duolarini olish, ularning boy tajribasini, mazmunli hayot yo‘llarini yosh avlodga ibrat qilib ko‘rsatishdir.
Seminarda “Keksalar turizm oyligi”ni samarali o‘tkazish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirilib, amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA