Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlash
22:04 / 2024-02-23

Buxoroda “Pillachilik rivojida xotin-qizlar ishtiroki” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning barcha tumanlaridan ilg‘or pillakorlar, pillachilik bilan shug‘ullanayotgan hamda pilla yetishtirish istagida bo‘lgan, “Ayollar daftari”ning 5-bosqichi ro‘yxatining 1-toifasiga kiritilgan, “Jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish dasturi”ning band bo‘lmagan aholi ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlar  va inkubist, agronomlar qatnashdi.

Tadbir viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Respublika ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va hududiy “Agropilla” MCHJ hamkorligida o‘tkazildi. 

Seminarda yig‘ilganlarga “Tut ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirishda intensiv tutzorlar barpo etish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazishning afzalliklari”, “Ipak qurti parvarishlashning optimal agrotexnik talablari”, “Ipakchilikda Vetnam tajribasi” mavzularda soha mutaxassislari tomonidan ma’ruzalar qilindi.   

Seminarda pillani Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, pillachilik sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida so‘z yuritildi. Soha mutaxassislari tizimdagi yangiliklar bilan bir qatorda pilla yetishtirish usullarini tushuntirib berdi. 

- Maqsadimiz – band bo‘lmagan, ishsiz xotin-qizlarimizning bandligiga yordamlashish, ular uchun yangi bo‘lgan sohalardan xabardor qilish orqali qiziqishlarini orttirish, oilaga daromad keltirishning yo‘llarini o‘rgatishdir, - deydi Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari--Oila va xotin qizlar boshqarmasi boshlig‘i Firuza Ibragimova.-- Ipak qurti bejizga yetti xazinaning biri, deb aytilmagan. Jahon bozorida ipak mahsulotlariga bo‘lgan talab tobora oshib borayotganligini hisobga olib mamlakatimizda bu tarmoqqa bo‘lgan e’tibor ortmoqda. Bugun pillakorlar uchun davlatimiz tomonidan bir qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berilganki, bulardan har bir xotin-qizlarimiz foydalanishi kerak. 

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilindi. Uy sharoitida pilla yetishtiruvchilar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lamaydigan bo‘ldi.  

- 24 yildan beri pillachilik bilan shug‘ullanaman, - deydi Peshku tumani “Do‘stlik” mahallasidan pillakor Muqaddas Nazarova. - Menga qarab qo‘shnilarim, qarindoshlarim ham pillachilikka qiziqishdi. Har yili 2 quti olaman, 200-270 kilogacha pilla topshiraman. Ipak qurti ortidan bolalarimni o‘qitdim, oilamiz daromadli bo‘lyapti. Davlat rahbarining tashabbusi bilan pilla boquvchilar va kasanachilarning pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya tayinlashda bir yillik ish staji sifatida hisoblanmoqda. Demak, bir oy ipak qurti boqib bir yillik stajga ega bo‘lamiz. Shuningdek, pillakorlar bilan kasanachilik asosida ham ishlashimiz mumkin. O‘tgan yili mavsum davomida har bir quti ipak qurti uchun oilaviy pudratchilar hamda kasanachilarga ipak qurti bilan birgalikda 500 ming so‘mdan naqd pul (avans) mablag‘lari hisoblanib berildi. Yetishtirilgan pilla xomashyosining har bir kilogrammi uchun 27 500 so‘m  pillaning o‘rtacha xarid narxi bo‘yicha mablag‘ pillachilik klasterlari va ipak qurti urug‘chilik korxonalari tomonidan qurt boquvchilarga to‘landi.    

Shuningdek, rag‘batlantirish o‘rnida rejadan tashqari qabul qilingan pillaning har kilogramiga tarozi boshida mukofot puli berildi. Bu imkoniyatlar vaqtincha ishsiz, muqim daromad manbaiga ega bo‘lmaganlar uchun ham juda yaxshi imkoniyat. Ayniqsa, ishsiz yosh xotin-qizlar bunga e’tiborni qaratsalar ayni muddao bo‘lardi. To‘g‘ri, pillachilikning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Pillakorlar mehnati shu mashaqqatga yarasha qadrlanmoqda ham. Ipak qurti bir oyga bormay pilla beradi. Har bir pilla boquvchi oilaga tut plantatsiyalari biriktirilyapti, agar tut o‘stirish uchun yer ajratilayotgan bo‘lsa, unda tut ko‘chatlari ham bepul tarqatilyapti. Qolaversa, daromad olish bilan bir qatorda, bir oy muddatda bir yillik ish stajiga ega bo‘lish mumkin. 1 quti ipak qurti 20 gramm bo‘lib, undan o‘rtacha 60-65 kg pilla hosili olinadi. Yuqori hosil olib daromadini oshirayotgan oilalarimiz soni oshib bormoqda.  

Ma’lumot uchun: 2023 yilda Buxoro viloyati pillakorlari 2 ming 700 tonnadan ortiq “kumush tola” tayyorlab, shartnoma majburiyatini respublikada birinchi bo‘lib bajardi. Mavsumda 3 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi yoki 40 mingga yaqin zveno va kasanachilar tomonidan 46 ming 467 quti ipak qurti parvarish qilinib, 2 ming 700 tonnadan ziyod  sifatli pilla xom ashyosi yetishtirildi. Ilg‘or zvenolarda, hatto, bir qutidan 85-100 kilogramgacha pilla olishga erishildi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.