Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini yanada oshirish
10:09 / 2026-01-18

Buxoro viloyati Olot tumanining “Xalifa” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “OLOT SPINNER” mas’uliyati cheklangan jamiyati respublika to‘qimachilik sanoatida barqaror rivojlanib borayotgan, yuqori ishlab chiqarish salohiyatiga ega zamonaviy korxonalardan biri hisoblanadi.

Korxona bo‘z mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ichki bozor bilan bir qatorda tashqi bozorlarda ham raqobatbardosh mahsulot yetkazib bermoqda.

Korxona 1,5 gektar yer maydonida joylashgan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy texnologiyalar va samarali boshqaruv tizimi asosida tashkil etilgan. Yillik ishlab chiqarish quvvati tabiiy ko‘rsatkichda 6 ming tonnani ya’ni 37,8 milliard so‘mga teng bo‘lib, mahsulot  ishlab chiqarishni tashkil etmoqda.

So‘nggi yillarda korxonada ishlab chiqarish hajmlari bosqichma-bosqich oshib bormoqda. Buyurtmalar sonining ko‘payishi, mahsulot sifatining yaxshilanishi va texnologik jarayonlarning takomillashuvi ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilmoqda. 

Jamiyatda hozirgi kunda 200 nafar ishchi va xodimlar doimiy ish bilan ta’minlangan. Korxona aholining bandligini oshirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash va ularning mehnat sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu esa nafaqat korxona, balki hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Korxona faoliyatida eksport yo‘nalishi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ishlab chiqarilayotgan bo‘z matolar xalqaro sifat talablariga javob berishi tufayli tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyati mavjud. Eksport hajmlarini oshirish, yangi xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar tuzish va geografiyasini kengaytirish jamiyatning asosiy strategik maqsadlaridan biridir. Bu esa korxonaning valyuta tushumlarini ko‘paytirish va tuman eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda omborlarda 600 tonna tayyor mahsulot mavjud bo‘lib, uning umumiy qiymati 0,6 milliard so‘mni tashkil etadi. Ombor xo‘jaligi zamonaviy talablar asosida tashkil etilgan bo‘lib, mahsulotlarni saqlash va eksport hamda ichki bozorga o‘z vaqtida yetkazib berish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Xulosa qilib aytganda, jamiyatda ishlab chiqarish hajmi ortib borayotgan, eksportga yo‘naltirilgan, zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yurituvchi raqobatbardosh korxona hisoblanadi.  Korxona kelgusida ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini yanada oshirish orqali mamlakat to‘qimachilik sanoati va iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.