Jizzax viloyatida xorijiy investitsiyalarni jalb etish evaziga 440 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiya qurilishi tezlashtiriladi.
Prezidentimiz raisligida investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddi vazirlik, idora va hokimliklar zimmasiga bir qator vazifalar yuklandi.
Davlatimiz rahbari yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan nizo va to‘qnashuvlar, shafqatsiz raqobat davrida savdo va investitsiya oqimlari, tovar va xizmatlar aylanishida transport-logistika tizimi tobora murakkablashib borayotganini, buning uchun yangi-yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, malakali mutaxassislar kerakligini alohida ta’kidladi.
“Bular nimaning hisobidan bo‘ladi? Albatta, faqat va faqat investitsiyalar hisobidan”, – dedi Prezidentimiz.
Respublikamiz poytaxtida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Birlashgan Arab Amirligining “Masdar” kompaniyasi bosh operatsion direktori janob Abdulaziz Alobidli o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ta’kidlanganidek, joriy yil 7-10 may kunlari Abu-Dabiga tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, “Masdar” kompaniyasining O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarini 10 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha birlamchi kelishuvga erishilgan.
Ushbu maqsad ro‘yobi uchun joriy yil 17 may kuni YeTTB boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Masdar” kompaniyasi o‘rtasida 500 MVt quvvatli shamol va umumiy quvvati 2150 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari loyihalarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shuningdek, kompaniya investitsiyalar hajmini 10 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadida gidroenergetika sohasida yirik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Uchrashuvda mavjud loyihalarni amalga oshirish doirasida Jizzax va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 440 MVt, Surxondaryo viloyatida 457 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari, shuningdek, Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Qashqadaryo viloyatida esa quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovida g‘olib chiqqan “Masdar” kompaniyasi endilikda loyiha doirasidagi ishlarni jadallashtirishi lozimligi aytib o‘tildi.
A.QAYUMOV, O‘zA