Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasida aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishi, mustahkam irodali, o‘z huquqlarini biladigan va qonunlarni hurmat qiladigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan hamda huquqbuzarlikka nisbatan murosasiz munosabatda bo‘ladigan, ularni kundalik hayotda qo‘llay olishi muhim ekanligi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16 maydagi “2022-2023 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ana shunday munosabatlarni tizimli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamkorlikda mahallalarda sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, olib boriladigan targ‘ibot tadbirlari IIBB tomonidan taqdim etilgan aniq raqamlar, hududlar bo‘yicha mavjud ma’lumotlar asosida adliya va ichki ishlar xodimidan iborat bo‘lgan shtab a’zolari tomonidan tashkil etildi.
O‘tgan hafta davomida viloyatdagi 387 ta “qizil hududlar”dan 48 tasida huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Oqqo‘rg‘on tuman adliya va ichki ishlar bo‘limi hamkorligida “Jilg‘abayli” mahalla fuqarolar yig‘inida jinoyatchilikka qarshi kurash, jinoyatchilikning oldini olish mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari, xotin-qizlar faollari, profilaktika inspektori va hududdagi hokim yordamchisi ishtirok etdi.
Tadbirda mavzuga oid suhbat o‘tkazilib, mahallalarda sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish, yoshlar o‘rtasida huquqiy nigilizm holatlarini bartaraf qilish, mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga imtiyoz va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoyalanish, vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam olish tartibi to‘g‘risida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Quyi Chirchiq tumanidagi “Oydinobod” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida esa yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otishga alohida yondashish masalalari muhokama etildi. Bu kabi tadbirlarni har bir mahallada o‘tkazish rejalashtirilgan.
Maqsadimiz huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etishdan iborat bo‘lishi kerak. Shundagina, har bir mahalla jinoyatchilikdan holi bo‘lgan hududga aylanadi, tinch va osoyishta hayotni ta’minlagan bo‘lamiz. O‘tkazilayotgan bunday tadbirlar mahallalarda sodir etilayotgan jinoyatlarni kamaytirish bilan birga yoshlarni turli zararli illatlardan asrash, ular tomonidan huquqbuzarliklar va jinoyatlarning sodir etilishini oldini olishga xizmat qiladi.
Islom Noyobov,
Toshkent viloyati adliya
boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari
O‘zA