Davlatimiz rahbarining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2022 – 2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummiliy dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Jizzax viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarida olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida 2023 yilning avgust oyidan, dekabr oyi yakuniga qadar jami yo‘l-transport hodisalari 16 taga,ularda halok bo‘lganlar 21 taga, tan jarohati olganlar 16 taga, shuningdek, piyodalar ishtirokidagi hodisalar 22 taga kamayishiga erishildi.
– Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash hamda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli idora va tashkilotlarga xodimlarimiz tomonidan 579 marotaba taqdimnomalar kiritilib, yo‘lga mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan MJtKning 147- va 196-moddalari bo‘yicha 29 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, – deydi viloyat IIB JXX YHX boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Murodbek Sherliyev. – Yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari harakatini tartibga solish bo‘yicha qo‘shma reja asosida, 896 marotaba reydlar o‘tkazilib, yo‘lovchi tashishda belgilangan talablarni bajarmagan 7 ming 995 ta qoidabuzarlik holati aniqlandi va tegishli choralar ko‘rildi.
[gallery-15684]
Shuningdek, mavjud 139 dona kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi yordamida 620 ming 916 ta yo‘l harakati qoidabuzarliklari aniqlanib, ushbu qoidabuzarlarga nisbatan 259 milliard 431 million 454 ming so‘m jarima qo‘llanilgan. Ana shu jarimalarning 119 milliard 120 million 708 ming so‘mi undirilib, 186 million 91 ming so‘m miqdordagi jarimalar MIB organlariga yuborilgan.
Yo‘l-transport hodisalarini oldini olish va yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qilish borasidagi mahallalarda 544 ta, maktablarda 862 ta, uyushmalarda 71 ta, korxona va tashkilotlarda 318 ta davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazildi. Maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha 78 ta sinfxonasi va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 35 ta yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydonchasi tashkil etildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA