O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishning dolzarb muammolari” mavzuidagi onlayn respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda FVV Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi FVV Qutqaruv kuchlari va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish xizmatini tashkil qilish bosh boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, Samarqand boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi xodimlari, professor-o‘qituvchilar, harbiylar va kursantlar ishtirok etdi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjumandan ko‘zlangan maqsad respublikamizda favqulodda vaziyatlar, xususan yong‘in xavfsizligini ta’minlash, mavjud muammolar, ularning yechimi va yong‘inga qarshi muhofazani takomillashtirish, o‘zaro hamkorlikni yaxshilash, tajriba almashish, o‘tkazilgan muhokama natijalarini kelgusida sohada kadrlar tayyorlash tizimining o‘quv jarayoniga tatbiq qilish, shuningdek, bu sohada samarali ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bilan bir qatorda, respublikamizda yong‘in xavfsizligi sohasida olib borilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.

Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi FVV akademiyasi boshlig‘i, general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, sohadagi mavjud muammolar, ularning yechimi va favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasini takomillashtirish hamda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijalari va kelgusidagi vazifalar xususida so‘z yuritdi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalalari, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar profilaktikasini ta’minlashning dolzarb muammolari, O‘zbekistonda aholini va funksional xizmatlarni kuchli zilzila bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga tayyorlash, o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishni tashkillashtirish, shuningdek, aholi ko‘p yig‘iladigan maskanlar yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolar xususida keng qamrovli fikr-mulohazalar bildirdi.
Yakunda ishtirokchilar respublikamizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlashdagi mavjud muammolar yuzasidan savollariga ma’ruzachilar tomonidan atroflicha javoblar oldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA