Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad faqat kadr tayyorlash emas, innovatsiyaga asoslangan faoliyatni yo‘lga qo‘yishdir (+video)
14:22 / 2025-02-06

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti dastlab 2020 yil sentyabr oyida Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali sifatida faoliyat boshlagan edi. Oradan uch yil o‘tib, qishloq xo‘jaligida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish maqsadida davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 iyuldagi qarori bilan filial Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutiga aylantirildi.

Qisqa vaqt ichida institut o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib ilmiy tadqiqotlar, xalqaro loyihalar va mahalliy startaplarda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Institut rektori Shavkat Hasanov bilan suhbatimiz muassasa faoliyati, yangiliklar haqida bo‘ldi.

– Institutimizda asosiy e’tibor nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan, – deydi Shavkat Hasanov. – Muassasamiz yurtimizdagi bevosita nomlanishida tadqiqotlar so‘zi bo‘lgan ikki davlat ta’lim muassasasidan biri hisoblanadi. Bugungi kunda 1800 nafarga yaqin talaba agrar soha yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Bundan tashqari magistrlarimiz, doktorantlarimiz hamda mahalliy startap loyihalar bo‘yicha tinglovchilarimiz bor. Faoliyat boshlanganimizdan buyon ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, tadqiqotlarimiz salmog‘i ortib bormoqda. Ayni paytda 6 ta xalqaro loyiha bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar, shuningdek, viloyat hokimligi tadbirkorlar kengashi tomonidan e’lon qilingan 20 dan ortiq startap loyihalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shuningdek, hududning sohaga oid muammolari bo‘yicha ham amaliy tadqiqotlarni amalga oshiramiz. Buning uchun 50 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu hududda mavjud muammolar bo‘yicha tadqiqotchilarimiz amaliy ishlarni bajarishadi. Institutni rivojlantirishda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga uyg‘unlashgan strategiyani tanlaganmiz. Bugun shu asosda ishlar davom etmoqda.

Institutda amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning ko‘lami kengayishi, natijadorligi xalqaro hamkorlar ishonchi ortishiga xizmat qilmoqda. Rektorning ta’kidlashicha, Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda boshlangan biotexnologik tadqiqotlar ayni paytgacha institutdagi eng yirik loyihalardan biri hisoblanadi. 

– Ilmiy tadqiqot loyihalarining qiymati qancha bo‘lishidan qat’iy nazar barchasi biz uchun qadrli, – deydi Shavkat Hasanov. – Shunday bo‘lsa-da, yirik loyihamizni ta’kidlab o‘tish joiz. Masalan, Koreya Respublikasining qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikdagi, umumiy qiymati 4,3 million AQSH dollari bo‘lgan loyiha O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan. Ushbu loyiha 2024 yilning noyabr oyida boshlangan. Bu sohadagi yangicha tizim bo‘lib, xorijdan olib kelingan yangi urug‘ tuganakchalarining agrotexnikasini o‘rganib, undan keyingi jarayonlarni qanday amalga oshirish bo‘yicha tadqiqotlarni o‘z ochiga oladi. Bunda yangi navlarning o‘suvchanligi, samaradorligi, yurtimiz, xususan Samarqand iqlimiga moslashuvchanligi borasida tadqiqotlar olib boriladi. Har jihatdan eng samarali urug‘larning ko‘paytirilishi soha taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu yerda urug‘chilik borasida o‘ziga xos maktab yaratiladi. Shu asosda invitro laboratoriyasi tashkil qilingan. U yerda talabalarimiz ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Loyiha bugungi kun uchun o‘ta dolzarb va ahamiyatli deb o‘ylayman. Bundan tashqari, laboratoriyalar, gidroponika usulidagi issiqxonalar, genthauslar qurildi. Ayni paytda 600 tonna sig‘imga ega sovutish ombori qurilmoqda. Shuningdek, ERASMUS+ dasturi asosida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Yevropa davlatlari bilan loyihalar olib borilyapti.

Yaqinda ommaviy axborot vositalarida institutda xurmoni quritish loyihasi amalga oshirilayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Tabiiyki, yurtimiz iqlim sharoitidan kelib chiqib, xurmoning quritilishi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Bu loyiha eksport imkoniyatlarini yaratishi bilan ahamiyatli.

– Yurtimizda mehmon bo‘lgan Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi  (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka Samarqandga, xususan institutimizga tashrif buyurib, ta’lim jarayonlari, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi, – deya so‘zida davom etadi Shavkat Hasanov. – Ayni paytda JICA bilan hamkorlikda institutimizda dehqon xo‘jaliklarida qo‘shimcha daromadni ko‘paytirish maqsadida mahalliy sharoitda yetishtirilayotgan taxir xurmo, ya’ni xalq tilida limon xurmo deb yuritiladigan mevani quritish loyihasi ustida ish olib borilyapti. Hammamizga ma’lumki, pishiqchilik vaqtida mazkur meva juda ko‘p miqdorda isrof bo‘ladi. Agar bu bu meva yig‘ib, belgilangan tartibda quritilsa, iste’mol uchun juda ham foydali quruq meva hosil bo‘ladi. Shuningdek, uni qandolatchilikda ham keng qo‘llash mumkin. E’tiborli tomoni, bu mahsulotga yapon bozorida talab yuqori ekan. Shu asosda joriy yilda ushbu loyihani yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz. Buning uchun yil davomida Yaponiyaning nufuzli ekspertlaridan iborat yirik delegatsiyalarning institutimizga tashrif buyurishi, ma’ruzalar o‘qishi borasida kelishuvlar amalga oshirilgan. Shuningdek, mutaxassislar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikda loyihalarni rejalashtirganmiz.

Bugungi kunda iqtisodiyot tarmoqlarida investitsiya jalb qilish eng muhim masalalardan biri bo‘lib turibdi. Bu borada  Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Bugungi kunda iqtisodiyotimizga Xitoy investitsiyasi keng qamrovda kirib kelmoqda, – deydi rektor. – Faqat Xitoy kompaniyalari bilan ishlaydigan, yonma-yon turib tadqiqotlarda ishtirok etadigan mutaxassis kadrlar yetishmovchiligi eng katta muammolardan biri bo‘lib turibdi. Mazkur yo‘nalishda ham samaradorlikni oshirishga harakat qilyapmiz. Xususan, top-500, top-1000 tasnifidagi Xitoy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirishga intilyapmiz. Jumladan, Shinjon agrar universiteti bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yganmiz. Xitoy Xalq Respublikasi hukumati ko‘magida mazkur universitet bizning 20 nafar talabamizga xitoy tilini o‘rgatishi rejalashtirilmoqda. Bizning bitiruvchi kurs talabalarimiz u yerga borib, bir yil mobaynida til o‘rganadi hamda amaliy tadqiqotlarda ishtirok etib qaytadi.Bu loyiha bo‘yicha joriy yilning sentyabr oyidan o‘qish boshlanadi. 

Odatda agrar sohada ta’lim oluvchi talabalarning xorijga tajriba oshirish, o‘quv ishlab chiqarish amaliyotlariga ketayotganligiga guvoh bo‘lamiz. Bu borada Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti talabalari ham yetakchilar qatorida. 

– Bu yo‘nalishda Yevropa davlatlari bilan hamkorlik yaxshi rivojlangan, – deydi Shavkat Hasanov. – Xususan, Germaniya kompaniyalarida amaliyot o‘tash bo‘yicha samarali ishlar olib borilyapti. O‘tgan yil agrar yo‘nalishda tahsil oluvchi 200 nafar talabamiz mazkur davlatda 3 oydan 6 oygacha amaliyot o‘tab qaytdi. Germaniyaning yirik kompaniyalarida ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etgan talabalar o‘z sohasi bo‘yicha bilimlarini mustahkamlab, xorijlik mutaxassislar bilan birgalikda bir joyda amaliy jarayonlarda ishtirok etadi. Bu ularning o‘z kasbiga bo‘lgan qiziqishi ortishiga, yurt qadriga yetishiga o‘ziga xos turtki vazifasini ham o‘taydi.

Joriy yilda bu boradagi imkoniyatlar yanada ortadi. Xususan, Polsha davlatining eng yirik kompaniyalaridan biri “Food City holding” bilan shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldik. Bu kompaniyaga tegishli ishlab chiqarish korxonasida 28 nafar talaba amaliyot o‘tashi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Angliyaga 30 nafar talabani amaliyotga yuborish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Portugaliya, Slovakiyaga amaliyotlar rejalashtirilgan. Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizki, o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi joriy yilda ham Xitoy, Yaponiya, Polsha davlatlaridan talabalarni Samarqandda qabul qilamiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, institut talabalari nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘un holda amalga oshirib, qator loyihalar ustida ishlamoqda. Eng muhimi, ularning loyihalari ishlab chiqaruvchilarni o‘ziga jalb qilmoqda.

– O‘tgan yili viloyat hokimligi tomonidan qiymati 1 milliard so‘m bo‘lgan loyihalar tanlovi e’lon qilingan edi, – deydi Shavkat Hasanov. – Ushbu tanlovda 24 nafar talabamizning loyihalari g‘olib bo‘ldi. Ular shu asosda ilmiy yo‘nalishda faoliyatini boshladi. Bu – turfa yo‘nalishdagi loyihalar bo‘lsa-da, ilmiy faoliyat uchun yetarli sharoit yaratishga ehtiyoj tug‘diradi. Xususan, tikuvchilik yo‘nalishida, bedanachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat ishlab chiqarish borasidagi loyihalarni ta’kidlash joiz. Bular orqali laboratoriyalar, issiqxonalar tashkil qilindi. Turli uskunalar sotib oldik.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wexVXnkO5v8" title="Maqsad faqat kadr tayyorlash emas, innovatsiyaga asoslangan faoliyatni yoʻlga qoʻyishdir" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Institut faoliyati haqida to‘xtalganda Yosh fermerlar maktabi va Suvchilar maktabi degan tushunchalar ham paydo bo‘ladi. Ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarga zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga qo‘llash, ilmiy izlanishlar samarasidan foydalanish borasida hamkorlikni rivojlantirish institutning muhim yo‘nalishlaridan sanaladi.

– Bu maktablar Agrobank tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar sanaladi, – deydi Shavkat Hasanov. – Avval boshda ta’kidlaganimizdek, institutimiz nazariy bilimlar, ilmiy yangiliklarni amaliyotga transfer jarayonini ham amalga oshiradi. Xuddi shunday mazkur maktablarda professor-o‘qituvchilarimiz tinglovchilarga ta’lim berish jarayonida bevosita amaliyotchilarga to‘plangan ilmiy yangiliklarni yetkazish orqali sohada samaradorlikni oshirishga o‘z hissalarini qo‘shishadi. Nazariy bilimlar bilan birga o‘quv amaliyot maydonimizda amaliy jarayonlarda ishtirok etishadi. Xususan, Agrobank tomonidan 14 gektar maydonda tashkil qilingan zamonaviy sug‘orish uskunalaridan samarali foydalanish borasida o‘quv amaliyotlarini bajarishadi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov ( surat, video),

O‘zA muxbirlari