Qaror va ijro
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxonalar mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan hamda qo‘shni davlatlardan import qilinayotgan elektr energiyasini past kuchlanishli taqsimlovchi tarmoqlarga – aholi va iste’molchilarga yetkazib beradigan muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Shu sababli, ushbu bo‘g‘in faoliyatini yanada yaxshilash borasida modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj, mahalliylashtirish hamda investitsiya dasturlari doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentimining 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash mazkur aksiyadorlik jamiyatiga muhim vazifalarni qo‘ydi.
O‘zA muxbirining “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sobirjon ORTIQOV bilan suhbati ushbu qaror ijrosi, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samaralari xususida bo‘ldi.
– Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori energetika sohasini isloh qilishda yangi bosqichni boshlab berdi, – dedi S.Ortiqov. – Bunda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish davlat siyosati darajasiga chiqdi.
Bugun kunda mazkur qarorda belgilanganidek, tabiiy manbalarni asrab-avaylash, uning o‘rniga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tatbiq etish borasida samarali ishlar qilinmoqda. Tizimda modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlarida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, quyosh, shamol va gidroenergetika manbalaridan unumli foydalanish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
"2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta’minlash konsepsiyasi"ga asosan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi umumiy elekr energiya ishlab chiqarishning 30 foizini tashkil etishi rejalashtirilgan. Navoiy viloyati Karmana tumanida BAAning “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan 100 megavattli quyosh elektr stansiyasi bu ishlarning ilk debochasidir.
– Energetika sohasida bu kabi islohotlarda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining o‘rni va vazifalari nimalardan iborat?
– "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ o‘zining bir qator vazifalarini amalga oshirish bilan birga yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish, kengaytirish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, texnik qayta jihozlash, ob’ektlarni moliyalashtirish hamda ularni amalda bajarilishi uchun yillik va istiqbolli elektr tarmoqlarining qurilish dasturlarini ham amalga oshiradi.
Aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi Kapital qurilish, loyiha va smetalarni ekspertiza qilish boshqarmasi magistral elektr tarmoqlarda olib borilayotgan loyiha-qidiruv, qurilish-montaj ishlarining amalga oshirilishi va o‘z vaqtida moliyalashtirilishini muvofiqlashtiradi. Shuningdek, boshqarma bilan birgalikda jamiyat tarkibiy korxona va bo‘linmalaridan loyihaning bajarilishini nazorat qilish jarayonida pudratchi tashkilotlarning shartnoma majburiyatlarini va zarur bo‘lganda, shartnomada nazarda tutilgan sanksiyalarni taqdim etish talab qilinadi.
Ushbu amaliyotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qaror va farmoyishlari, Energetika vazirligi topshiriq va ko‘rsatmalari hamda Shaharlararo norma qoidalari, xavfsizlik qoidalari va boshqa normativ hujjatlari asosida olib boradi.
"O‘zbekiston MET" AJ, o‘z navbatida, respublika iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va biznes sub’ektlari hamda aholi tomonidan elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borayotgan qismini to‘liq qoplash maqsadida o‘zining tasarrufidagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya hamda rekonstruksiya qilish ishlarini jadal olib bormoqda.
Bir yo‘nalishni faktlar asosida izohlaganda, masalan, 2021 yilda davlat xaridlari "O‘zbekiston MET" AJda to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar soni faqatginagina qonunchilikda belgilangan tartibda va qolgan barcha xaridlar elektron savdo orqali amalga oshirildi. Bunda maxsus elektron portal orqali bajarilgan shartnomalar soni 987 ta, summasi 571,5 milliard so‘mni tashkil etdi.
– Yuqorida ta’kidlanimizdek, "O‘zbekiston MET" aksiyadorlik jamiyatining faoliyati elektr ta’minoti tizimida muhim ahamiyatga ega. Mavjud yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda podstansiyalar barqaror ishlashi ushbu tizimdagi yangilanishlar bilan uzviy bog‘liq.
Ayting-chi, bugungi kunda magistral elektr tarmoqlarini qurish, kengaytirish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, texnik qayta jihozlash kabi vazifalar qay darajada amalga oshirilmoqda? Joriy yilgi rejalar qanday?
– Aksiyadorlik jamiyati tasarrufida 85 ta yuqori kuchlanishli podstansiya va uzunligi 11 698 kilometr bo‘lgan magistral havo elektr uzatish tarmoqlari mavjud. Ularning faoliyatini ta’minlashga markaziy apparat va filiallarda jami 4 ming 700 nafardan ziyod xodim mehnat qiladi.
Jamiyat tomonidan har bir ish yillik reja asosida amalga oshiriladi. Masalan, 2021 yilda 9 dona kuch transformator, 77 dona o‘chirgich, 19 dona havo kompressor, uzunligi 1224,7 kilometr bo‘lgan 110-500 kVli elektr uzatish havo tarmoqlari mukammal ta’mirlandi. 292 dona podstansiya transformatorlari, 1307 dona o‘chirgich, 33 dona havo kompressorlari, uzunligi 4593,9 kilometr bo‘lgan 110-500 kVli elektr uzatish havo tarmoqlari joriy ta’mirdan chiqarildi.
2021 yilda modernizatsiya va rekonstruksiya dasturi asosida jami qo‘shimcha 1680 MVA quvvat oshirish rejalashtirilgan edi. Buni qarangki, 2021 yil yakuniga ko‘ra 1855 MVA qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati yaratildi, bu rejaga nisbatan 110 foiz degani. Uzunligi 198,8 kilometr 220 va 500 kVli magistral elektr tarmoqlari qurildi, rejaga nisbatan bu 103 foizni tashkil etdi.
2022 yilda 10 dona kuch transformatori, 66 dona o‘chirgich,14 dona havo kompressori va uzunligi 810,23 kilometr bo‘lgan 110-500 kVli elektr uzatish havo tarmoqlari mukammal ta’mirlanadi. Shuningdek, magistral elektr tarmoqlari orqali jami 65 milliard kVt/soat elektr energiyasini transportirovka qilinib, texnologik yo‘qotishlarni 10,9 million kVt/soatga kamaytirish ta’minlanadi. Ya’ni 3 milliard so‘m miqdoridagi xarajatlar qisqartiriladi, eksport ko‘rsatkichi 132,8 million dollarga yetkaziladi. Shundan Afg‘oniston Islom Respublikasiga elektr energiyasi eksporti 110,5 million dollar, tranzit xizmatlari 1,3 million dollar va qurilish-montaj ishlari 21 ming dollar miqdorida rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Investitsiya dasturi doirasida 133,3 million dollar mablag‘lar o‘zlashtirishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, modernizatsiya va yangi qurilish dasturlari doirasida 11 ta podstansiyada o‘rnatilgan quvvatga qo‘shimcha 1616 MVA o‘tkazuvchanlik quvvati qo‘shiladi.
– Soha rivojida ichki omil bilan bir qatorda tashqi imkoniyatlardan unumli foydalanish bugunning eng muhim vazifalaridan. Shu ma’noda, "O‘zbekiston MET" AJ tomonidan qanday investitsiya loyihalari ustida ish olib borilmoqda?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qarorga asosan 2021 yil umumiy qiymati 71,45 million dollar bo‘lgan 10 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 2021 yilda umumiy qiymati 893,65 milliard so‘mlik investitsiya loyihalari yakunlanib, ekspluatatsiyaga topshirildi.
2021 yildan davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida qurilayotgan xususiy elektr stansiyalarini respublika energotizimiga ulash va ularni boshqarishni ta’minlash uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilinmoqda. Bu borada Osiyo taraqqiyot banki tomonidan yollangan "Adalid Asesores y Consultores" (ADAYC) konsalting kompaniyasi mutaxassisi Santyago Mirabal Montero (Ispaniya, Madrid) bilan yaqin hamkorlikda ishlar olib bormoqda. Xususan, 2021 yilning 27 avgust kuni Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi to‘liq quvvatda ishga tushirildi. Bundan tashqari, joriy yilning aprel oyi oxiriga qadar Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi bilan Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektrstansiyasini ishga tushirish kutilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasi doirasida Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi bilan imzolangan Investitsiya bitimiga muvofiq infratuzilmani barpo etish bo‘yicha ishlarni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ mablag‘lari hisobidan amalga oshirish – talab etilgan infratuzilmani barpo etish ishlari to‘liq yakunlanib, ishchi komissiya dalolatnomasi rasmiylashtirildi va “Tutly Solar” MCHJga topshirildi.
Markaziy Osiyo birlashgan energotizimini to‘liq tiklash hamda Tojikiston energotizimi bilan parallel ishlashni ta’minlash uchun G‘uzor – Regar 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini tiklash ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash loyihasi doirasida xalqaro tender natijalariga ko‘ra g‘olib kompaniya bosh pudratchi «Shanghai Electric Transmission and Distribution Co., Ltd» (Xitoy) bilan 14,7 million dollar miqdorida shartnoma imzolandi. G‘uzor – Regar 500 kV elektr uzatish tarmog‘i loyihasi doirasida qurilish-montaj ishlari yakunlanib, tarmoqning butligi to‘liq tiklandi.
bugungi kunda xorijiy konsultantlar bilan birgalikda avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi tizimi (SSADA)ni joriy etish bo‘yicha texnik iqtisodiy asoslar va tender hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan. SCADA tizimini joriy qilish loyihasi doirasida texnik-iqtisodiy asoslar (TIA) hamda tender hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tanlovda Fransiyaning "EDF-CIST" konsalting kompaniyasi g‘olib chiqdi. bugungi kunda loyihaning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ishlari yakunlangan bo‘lib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.
O‘zA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAEVA
suhbatlashdi.