Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan Jondor tumanida faoliyat yuritayotgan eksportyor korxonalar faoliyati o‘rganildi.
Unda parrandachilikka ixtisoslashgan “ARJUMANDBONU CHORVOSI” fermer xo‘jaligi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, eksport hajmini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot davomida korxona vakillariga qayta ishlash bojxona rejimi, tayyor mahsulotlarni eksportga tayyorlash tartibi hamda tashqi savdo jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan bartaraf etish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Bojxona xodimlari tomonidan eksport jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday masalalarda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorlik bildirildi.

Shuningdek, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan Olot tumanida joylashgan “BUXORO GOLD STAR MOTO” MCHJda ham navbatdagi o‘rganish va tushuntirish ishlari amalga oshirildi.
Uchrashuv davomida korxona vakillariga bojxona organlari tomonidan eksportni rag‘batlantirish, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yengilliklar hamda amaldagi tartiblar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Korxonada hozirda moto ehtiyot qismlaridan yig‘iladigan yuk tashishga mo‘ljallangan mototransport vositalari ishlab chiqarilib ichki bozorga yetkazilmoqda.

Muloqot chog‘ida “Eksport uch qadamda” tizimi va “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimidan foydalanishning afzalliklari alohida tushuntirildi.
Uchrashuv yakunida korxonaga eksport faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA