English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – ekologik barqarorlikni ta’minlash
17:43 / 2025-04-20

Jizzaxda viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan “Hududda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarning holati, amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi investitsiyaviy loyihalar hamda belgilangan vazifalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanida viloyatdagi sanitar tozalash ishlarini muvofiqlashtiruvchi rahbar va mas’ullar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha 2024 yil yakunlari va 2025 yilning 1-choragi davrida olib borilgan ishlar va kelgusi vaziflar yuzasidan bo‘lim boshlig‘i Kamol Ahadov hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i Oybek Salimovlarning hisobotlarini diqqat bilan tingladi.  

Ta’kidlanishicha, ayni paytda viloyatda 4 ta sanitar tozalash korxonasi faoliyat yuritib, 309 ta mahallada istiqomat qiluvchi 1 milliondan ortiq (reja bo‘yicha 1 million 507 ming) aholi sanitar xizmatlar bilan qamrab olingan. Bugungi kunda chiqindilarni to‘plash va tashish ishlari “Toza hudud” DUK, “Toza Eko Hudud”, “Eko Sfera” hamda “Eko-House” MCHJdari tomonidan amalga oshirilmoqda. Ularning balansida jami 211 ta maxsus texnika mavjud bo‘lib, 2023–2024 yillarda 31 milliard 900 million so‘mlik 29 ta yangi texnika va 590 ta chiqindi konteynerlari xarid qilingan va joriy yilda yana 10 ta texnika xarid qilinishi belgilangan.

[gallery-22894]

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2024 yil 26 sentyabrdagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlariga ko‘ra sohamiz xodimlari zimmasiga ulkan mas’uliyat va kechiktirib bo‘lmas vazifalar yuklandi, – deydi Jizzax viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov. – Ushbu farmonlar ijrosi doirasida viloyatimizdagi Sharof Rashidov hamda Zarbdor tumanlarida sanitar xizmatlar davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik sub’ektlariga o‘tkazilishi orqali sohada xususiy sektor ulushi 100 foizga yetkazildi va bu yo‘nalishda 30 milliard 700 million so‘mlik investitsiya kiritilib, 520 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Viloyatimizda jami 13 ta maishiy chiqindi poligoni mavjud bo‘lib, ular Poligonlarni boshqarish direksiyasi Jizzax viloyat boshqarmasi ixtiyoriga o‘tkazildi. Bu esa, chiqindi logistikasini yaxshilash va investitsion loyihalarni amalga oshirishga puxta zamin yaratib berdi. Bularning barchasidan ko‘zlangan asosiy maqsad – atrof-muhitni asrash, fuqarolarimiz sog‘ligini muhofaza qilish va manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlashdan iboratdir.

Shuningdek, anjumanda o‘tgan 2024 yilda 295 ming 900 tonna, joriy yilning 1-choragida esa 68 ming tonna qattiq maishiy chiqindi hosil qilingani qayd etilib, ulardan 222 ming va 57 ming 800 tonnasi poligonlarga joylashtirilgani ta’kidlandi.  

Shu o‘rinda qayta ishlash sohasida ham ijobiy natijalar qayd etilganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. 2025 yilda 24 ta korxona tomonidan 10 ming 200 tonna chiqindi qayta ishlanib, qayta ishlash darajasi 15 foizga yetkazilgan va joriy yil yakuniga qadar esa bu ko‘rsatkichni 45 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bulardan tashqari, voha hududida 41 ta noqonuniy chiqindixona aniqlanganligi jiddiy tanqid ostiga olinib, u yerlardagi 134 tonna chiqindi maxsus poligonlarga olib borilgan. Belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bo‘yicha 760 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan 507 million so‘m miqdorida jarima choralari qo‘llanganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.

Matbuot anjumanida xalqaro hamkorlik loyihalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Koreya Respublikasining “K-Eco” kompaniyasi bilan hamkorlikda Sharof Rashidov tumanida maishiy chiqindi poligonida gaz chiqindisini kamaytirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda 8 million 400 ming AQSH dollarilik grant loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, 2023 yilda Koreya hukumati tomonidan 6 million 200 ming dollar ajratish belgilangani ham qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari