Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad, bolalar bilan bog‘liq hodisalarning oldini olish
09:14 / 2022-12-16

Qor yog‘ib, havo harorati sovishi natijasida yo‘l transport hodisalari soni ko‘paydi.

Jizzax viloyatida noxush hodisalarning oldini olish maqsadida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Prezidentimizning joriy yil 12 iyuldagi “2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi borasida nimalarga e’tibor qaratilyapti? Bu borada qilinayotgan ishlar xususida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Husan XOLQO‘ZIEV O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

– Qalin qor yog‘ib, havo haroratining keskin sovishi, qalin tuman tushishi sabab yo‘l transport hodisalari sodir etilish xavfi ortdi, – deydi viloyat IIB JXX YHXB boshlig‘i, polkovnik Husan Xolqo‘ziyev. – Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, bolalarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish yuzasidan viloyat bo‘yicha yil davomida umumta’lim maktablarda 52 ta yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinfxonalari tashkil etildi.

Shuningdek, “Mahallalarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydonchalarini tashkil qilish” masalasi yuzasidan MFY hududidagi 26 ta umumta’lim maktabida, 32 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘quv avtomaydonchasi qurildi.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi hisobidan bugungi kunda boshqarmaning maxsus ekspluatatsiya montaj bo‘limining hisob raqamiga 2 milliard 500 million so‘m mablag‘ kelib tushgan.

Yo‘l-transport hodisalari eng ko‘p yuz beradigan yo‘llarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning tashviqot vositalarini (reklama-axborot plakatlari, shitlarni) o‘rnatish belgilangan edi. Viloyat avtomobil yo‘llar boshqarmasi bilan hamkorlikda barcha shahar va tumanlar hududlariga 156 ta targ‘ibot banneri o‘rnatildi.

Serqatnov yo‘llar yaqinida joylashgan MTT, umumta’lim maktablarida “Diqqat, piyoda!”, “Diqqat, yo‘lovchi!” hamda “Diqqat, bolalar!” kabi profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, “Yashil chiroq”, “Yo‘l harakati qoidalari bilimdoni”, “Eng namunali yo‘lovchi” mavzularida madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etilmoqda.  

Shuningdek, bolalar bilan bog‘liq yo‘l – transport hodisalarining oldini olish, maqsadida viloyatda joriy yilning 10 dekabridan 20 dekabriga qadar “Diqqat, bolalar!” tadbiri e’lon qilindi.  

Barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga viloyat IIB JXX YHXB xodimlari biriktirilib, ta’lim muassasalarida 10-15 daqiqalik yo‘l-harakati qoidalari bo‘yicha dars mashg‘ulotlari o‘tkazilyapti.

Biz uchun eng muhimi, bolalarimiz bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olishdir.

 

Abdujalol Qayumov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA