Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – birlamchi tibbiy xizmat sifatini oshirish
16:12 / 2024-01-06

Tibbiy sug‘urtaning hayotga tatbiq etilishi tibbiyotda ancha yillardan beri to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etadi. Bunda eng muhimi, tizimda katta muammoga aylangan korrupsion harakatlar payini qirqish imkoni vujudga keladi. Sug‘urta bilan kelgan bemorga shifokorlar har qachongidan ko‘ra sifatliroq xizmat ko‘rsatadi. Chunki u o‘zi bilan mablag‘ olib kelyapti, ya’ni sug‘urta jamg‘armasi tibbiy xizmat haqini to‘lab beradi.

Tibbiyotni sug‘urtalash orqali shifoxonalarning moddiy ahvoli yaxshilanadi. Natijada xodimlarga yuqori maosh to‘lanadi. Oldingidek bemorlarning qo‘liga “ko‘z tikilmaydi”.  

Buxoro davlat tibbiyot instituti majlislar zalida shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalari mas’ul mutasaddilari, oilaviy poliklinikalar va shifokorlik punktlari, viloyat davolash profilaktika muassasalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shu haqda so‘z bordi.  

Boshqarma boshlig‘i Askar Bahronov olib borgan yig‘ilishda mamlakat rahbarining sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirish maqsadida qabul qilgan amaldagi farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash, 2024 yilda viloyat aholisiga samarali va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot oldida turgan dolzarb va ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlanganidek, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni barcha viloyat va hududlarda keng tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Bungacha esa davlat rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida ishlar tashkillashtirildi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilishi hisobiga dastlabki ijobiy natijalarga erishilgan.  

Shu bilan birga, 2023 yil 1 iyuldan boshlab davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Toshkent shahrida bosqichma-bosqich joriy qilish to‘g‘risidagi takliflarga rozilik berilgan. Endilikda, jumladan, viloyat sog‘liqni saqlash tarmog‘ida ham shunday tartib o‘rnatilmoqdaki, unga muvofiq davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etiladigan hududlarda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari kafolatlangan paketi asosida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish tashkil etiladi.

Tizimda yangidan joriy qilinayotgan tartibga muvofiq, endilikda tibbiyot muassasasi rahbariga hududiy sog‘liqni saqlash organi bilan kelishilgan holda muassasaning quvvati doirasida bo‘linmalar profilini, ularning davo o‘rinlari sonini o‘zgartirish hamda ajratilgan mablag‘lar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash vakolati beriladi. Ambulator davolash uchun dori vositalarini elektron retsept asosida dorixonalar tomonidan bemorlarga bepul berish va sarf-xarajatlarini qoplash, ya’ni reimbursatsiya tizimi joriy etiladi.

Kafolatlangan paket doirasida reimbursatsiya tizimi asosida beriladigan dori vositalari ro‘yxatini hamda ularni qoplash narxlarini belgilash va to‘lovlarni amalga oshirish tartibi Jamg‘arma Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Shuningdek, bemorning barcha tibbiy ma’lumotlari asosida shakllantirilgan va tibbiyot muassasalarining o‘zaro uzviy hamkorligini ta’minlaydigan sog‘liqni saqlashning integratsiyalashgan axborot tizimi joriy etiladi.  

Bunda ajratilgan byudjet mablag‘larining samaradorligi hamda natijadorligi, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini monitoring va nazorat qilish davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi.

Umuman, tadbirda muhokama qilingan dolzarb masalalarda soha vakillari, boshqarma mutasaddi rahbarlari, har bir yo‘nalish bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali rahbarlari ma’ruzalari, taklif va tavsiyalari eshitildi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri