Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida atrof-muhitni muhofaza qilish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish strategiyasi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Xususan, kombinat texnologik zanjirining yakuniy bo‘g‘ini bo‘lgan Mis eritish zavodida amalga oshirilayotgan texnologik modernizatsiya ishlari nafaqat iqtisodiy samara keltirmoqda, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim rol o‘ynamoqda.

Xususan, zavodning Metallurgiya sexi konverter anod bo‘limida 1-sonli konverter agregati kapital ta’mirlandi. Bu jarayonda mazkur zavod mutaxassislari bilan bir qatorda Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi va “Olmaliq yig‘ish ta’mirlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi” kabi korxonalar ishtirok etdi. Ta’mirlash davomida agregatning olovbardosh g‘ishtlari to‘liq yangilanib, mexanik va energetika uskunalari qayta texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Ushbu rekonstruksiyaning asosiy ekologik yechimi – issiqlik utilizatsiyasi uskunalarini takomillashtirish bo‘ldi.

Jumladan, ta’mir jarayonida chang kameralari 4 qismdan 3 taga qisqartirildi, tutun so‘rg‘ichlar tizimi muqobillashtirildi. Natijada texnologik gazlar harorati 160°C dan 230°C gacha ko‘tarildi. Bu harorat ko‘tarilishining bir maromda ishlashini ta’minlab, sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexida gazlarni to‘liq tutib qolish va qayta ishlash samaradorligini oshirdi.
Konverter agregatining havo berish tizimidagi o‘zgarishlar mis shteynlarini konverter jarayonini 10-15 foizga qisqartirib, quvvatini 10 foizga oshirdi. Bu nafaqat xomaki mis ishlab chiqarish hajmini oshirdi, balki yoqilg‘i va energiya resurslari sarfini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi.

Bundan tashqari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida zavod hududi va tutash hududlarda daraxt, buta ko‘chatlarini ekish ishlari doimiy tarzda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ekilgan daraxt va buta ko‘chatlarini sug‘orish, parvarish qilish hamda ularni qo‘riqlash maqsadida korxona tomonidan mas’ul xodimlar biriktirilgan holda ishlar tashkil etilgan.
Umuman olganda, OKMKda amalga oshirilayotgan bunday tizimli islohotlar 2026-yilda O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi doirasida metallurgiya sanoatining ekologik toza va yuqori texnologiyali sohaga aylanishiga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil OKMK xalqaro e’tirofga – “Sustainable Fitch” agentligining 3 darajali “ESG” reytingi 56 ballga sazovor bo‘ldi. Bu kompaniyaning barqaror rivojlanish va ekologik siyosatga e’tibor qaratishini aks ettiruvchi ijobiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
A.Musayev, O‘zA.