Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad, baliq tutib berish emas, baliq tutishni o‘rgatishdir
11:35 / 2022-07-22

Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazining “Zargarlik” yo‘nalishi tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi.

Tadbirda “Hunarmand” uyushmasining Buxoro viloyati boshqarmasi vakillari, monomarkaz mutasaddilari qatnashdi.

Muvaffaqiyatli bitirgan 13 nafar bitiruvchiga Buxoro viloyati bandlik boshqarmasi tomonidan subsidiya ajratildi. Shuningdek, hunarmand bitiruvchilar “Hunarmand” uyushmasining Buxoro viloyati boshqarmasiga a’zo bo‘ldi. Endilikda ular o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashda bir qancha imtiyozlarga ega.

– Hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayniqsa, yangidan o‘z faoliyatini boshlagan hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, “Usta-shogird” maktablari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, shu asosda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga kelishib olindi, – deydi Buxoro shahar “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Alixan Umarov. – Shuningdek, hunarmandchilik sub’ektlariga davlat ro‘yxatidan o‘tishda ko‘maklashish, ularga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, ularni asbob-uskunalar, jihozlar, xomashyo va materiallar bilan uzluksiz ta’minlash, ularga imtiyozli kreditlar berishda ko‘maklashiladi. Umuman olganda xalqimizga baliq tutib berilmaydi, baliq tutishni o‘rgatamiz.

[gallery-7998]

– Men 3 oy davomida Buxoro shahar “Ishga marhamat” monomarkazida ushbu hunar sir-asrorlarini o‘rgandim, – deydi bitiruvchi zargar Nozim Fayziyev. – Kelajakda ustozim Tohir Muhamedovdek dunyo tan olgan zargar bo‘laman. Shuningdek ushbu kasb orqali endilikda bandligim ta’minlanadi. Tadbirkorlik faoliyatimni amalga oshirishda ko‘plab imtiyozlar berilmoqda.

Ma’lumot uchun, Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi bir vaqtning o‘zida 560 o‘rinli quvvatga ega. Monomarkaz sobiq Politexnika kasb-hunar kolleji o‘rnida tashkil etilgan. Monomarkaz faoliyat yuritayotgan binoni ta’mirlash va jihozlashda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 14 milliard 300 million so‘m va Jahon bankining 206 ming dollardan ortiq mablag‘lari jalb etilib, jihozlash ishlari WORLD SKILLS talablari asosida amalga oshirilgan. Monomarkaz tinglovchilariga WorldSkills talablari asosida ta’lim berilsa, o‘rta bo‘g‘in kadrlari esa Jahon bozorining bo‘sh ish o‘rni ehtiyojlari darajasida tayyorlanadi. Monomarkazda 8 ta xizmat turi (servis va xizmat ko‘rsatish, texnik, qurilish, xorijiy til o‘rgatish, raqamli texnologiyalarni o‘rgatish, tadbirkorlikka o‘qitish va migratsiya xizmatlari sohalari) bo‘yicha jami 24 turdagi kasbga o‘qitilmoqda. 4 ta xorijiy (rus, ingliz, koreys, yapon) tillarni o‘rgatish hamda Tadbirkorlik asoslari, migratsiya ko‘niktirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yuqorida ko‘rsatilgan kasb va tilga o‘rgatish kurslariga mahalliy va xorijiy ish beruvchilar talablari asosida qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish imkoniyati ham mavjud. Shuningdek, korxona va tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha pullik o‘quv kurslari tashkil etish imkoni ham yaratilgan. Joriy yilda ushbu markaz bitiruvchilari, kasbga ega bo‘lgan aholi, nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun kasbiy malakani baholash markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda Monomarkazning o‘quv kurslariga 200 dan ortiq fuqarolar jalb qilingan.

 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA