Bojxona qo‘mitasi va Oliy Majlis Senati huzuridagi Tadbirkor ayollar klubi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmon ayollar birlashmasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik Memorandumi doirasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan “Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlash – ijtimoiy himoya kafolati” mavzusida seminar tashkil etildi.
– Mazkur tadbirning asosiy maqsadi – bojxona organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning oila a’zolarini tadbirkorlikka yo‘naltirish, ayollarning o‘z biznes g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash va iqtisodiy faolligini oshirishdan iborat bo‘ldi, – deydi Oliy Majlis Senati huzuridagi Tadbirkor ayollar klubi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmon ayollar birlashmasi rahbari Mamlakat Sodiqova.

Seminarda Oliy Majlis Senati huzuridagi Tadbirkor ayollar klubi vakillari, Buxoro viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasi huzuridagi “Oqila ayollar” harakati mas’ul xodimalari, shuningdek, o‘z mehnati va qat’iyati bilan yurtimizda muvaffaqiyat qozongan tajribali tadbirkor ayollar ishtirok etib, o‘z hayotiy yo‘li, yutuqlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tinglovchilarga ayollar uchun mavjud imtiyozlar, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari, kredit va grant dasturlaridan foydalanish imkoniyatlari, marketing va raqamli savdo bozorida o‘z o‘rnini topish yo‘llari haqida batafsil tushuntirish berildi.

Seminar davomida ochiq muloqot tarzida fikr almashuvlar tashkil etildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob oldi. Shu bilan birga, ayollarni kasb-hunar o‘rganish, oilaviy biznes yuritish, qo‘shimcha daromad manbalarini topish va mehnat bozorida faol ishtirok etish borasida aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA