French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – aholiga sifatli tuxum mahsulotlarini yetkazish
16:19 / 2021-06-25

Oziq-ovqat xavfsizligini barqaror ta’minlashda parrandachilikni rivojlantirish alohida ahamiyatga ega. Parrandachilik chorvachilikning tez yetiluvchan sohalaridan biri hisoblanadi. Aholini parhez go‘sht va tuxum mahsulotlari bilan ta’minlaydi.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Parranda Omad savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2013 yilda tashkil etilgan. Tuxum ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada ayni kunda 154 ming 627 parranda mavjud. Shundan 95 ming 47 dona tovuq boqilmoqda. Shuningdek, 110 kunlik 59 ming 580 dona jo‘ja parvarishlanmoqda. Bir kunda 70 ming dona tuxum ishlab chiqariladi.

– Bir kunlik jo‘jalarni Samarqanddan olib kelamiz, – deydi korxona rahbari Quvondiq Yarashev. – Alohida sexda jo‘jalar 70-75 kun parvarishlanadi. So‘ngra korxonamizga olib kelinadi. Korxonada 4 ta katta sexda tovuqlar 110-115 kun parvarishlanib, tuxum berishni boshlaydi. Natija yomon emas. Shu sohaning orqasidan ro‘zg‘orimizni butlab, uy-joyimizni to‘g‘riladik. Foyda bilan zarar bir xurjunning ko‘zida, lekin halol mehnat qilinsa va tashvishidan qochmasa, parrandadan zarar ko‘rish ehtimoli kamroq bo‘ladi. Maqsad, aholiga sifatli tuxum mahsulotlarini yetkazishdan iborat.

– 20 yildan buyon shu sohada ishlayman, – deydi korxona veterinariya vrachi Erkin Nurboyev. – Parrandaga e’tiborni qaratsangiz, kasallanishini oldini olsangiz, ovqatini, minerallarini vaqtida bersangiz albatta, sizni boqadi. Korxonada “Dekalp” tuxumga moslashgan zotli tovuqlar boqiladi. Tayyor mahsulot omborxonada saqlanadi. Korxonamizning omborxonalaridan sifatli mahsulotlarni xaridorlarning o‘zlari Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Toshkent bozorlariga olib ketadi.

Ayni kunda korxonada 29 nafar ishchi mehnat qiladi. Shulardan 17 nafari xotin-qizlarni tashkil qiladi.

[gallery-2925]

– Ancha yillardan beri shu korxonada mehnat qilaman, – deydi tumanning Soktari MFYda yashovchi Nafosat Yusupova. – Har oyning birinchi kuni maoshlarimiz beriladi. 1 million 250 ming so‘m oylik olaman. Ishxonamiz tomonidan bizning kelib-ketishimiz uchun transport vosita yo‘lga qo‘yilgan. Bir mahal issiq ovqat beriladi. Yuvinish, kiyinish xonalarimiz mavjud. Bayramlarda sovg‘a-salomlar, undan tashqari ro‘zg‘orimiz uchun oziq-ovqat mahsulotlari tuxum, go‘sht, yog‘, un beriladi. Shu korxona sabab orzu-havaslarimiz ro‘yobga chiqmoqda. Bundan juda xursandmiz.  

– Kollejni bitirib, shu korxonaga ishchi bo‘lib ishga kelganman, – deydi tumanning Armechan MFY da Akobir Tursunov. – Ikki yarim million maosh olaman. Korxona rahbariyati bilan parrandalar bosh soni va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, parrandachilik tarmog‘ini keskin rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish hisobiga aholini arzon va sifatli mahsulotlarga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlash borasida ishlarni amalga oshirayapmiz. Ishimdan mamnunman. O‘zga yurtda yurganim yo‘q. O‘zimning Vatanimda mehnat qilib oilam bag‘rida yashayapman.

Korxonaning rejalari ulkan. Ayni kunda tumanning cho‘l hududidan 50 gektar ekin va 100 gektar yaylov yerlar obod qilinmoqda. Ekin yerlarda tovuqlar uchun makkajo‘xori ekish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yaylovlarda mayda shoxli mollar boqilmoqda.  

 

Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA