Kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini ta’minlash borasida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida kompleks yondashuv va nostandart usullardan samarali foydalanilmoqda.
“Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan ishsiz, kam ta’minlangan aholi qatlamini ushbu yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash, har tomonlama ularga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi, uning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali qariyb bir milliard so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi.

Bunday xayrli va savobli tadbirlarda tumandagi barcha tashkilot va korxonalar ham fol ishtirok etmoqda.
Fondning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan muqim ish joyiga ega bo‘lmagan va kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash maqsadida 66 million 800 ming so‘mlik ona tovuq va yem mahsuloti, aholi o‘z tomorqalarida foydali ekin turini ekib, qo‘shimcha daromad ko‘rishi uchun yil boshida 27 million so‘mlik ko‘chat tarqatildi. 101 nafar fuqaroning sog‘lig‘ini tiklashi uchun 171 million so‘m ajratildi. Ishsiz, uyda o‘tirib qolgan 280 nafar ayolni hunarmandchilik va tadbirkorlik salohiyatlarini oshirish, respublikamizning tarixiy shaharlarini ko‘rib, tomosha qilib, o‘sha joy hunarmandlari va tadbirkorlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, o‘z ish faoliyatlarini boshlashi uchun 223 million so‘m sarflandi. Viloyatdagi “Turon bank”dan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga maqsadli tushgan 258 million pul mablag‘dan 127 million 500 ming so‘mi hisobiga 96 ta oilaga ona tovuq va ozuqa, uchta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilayotgan aholini elektr energiyaga bo‘lgan talabini qondirish, va ularni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida uch dona transformator olib kelish va o‘rnatish uchun 130 million so‘mdan oshiqroq pul mablag‘lari yo‘naltirildi.

– Kompleks yondashuv va nostandart usul aholi farovonligini oshirishda o‘z samarasini berayapti, – deydi “Mahalla”xayriya jamoat fondi Mirzaobod tuman bo‘limi bosh mutaxassisi O‘rol Toshmurodov. – Fond va uning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan ana shu toifadagi aholi qatlamiga yordam ko‘rsatilmoqda. Har bir bayram, har bir tadbirda oziq-ovqat mahsulotlarini ularga ulashyapmiz. Bu esa xalqni davlat idoralariga emas, davlat idoralarining xalqqa yaqinlashishini ta’minlamoqda. Bundan aholi mamnun.
Shuhrat Suyarov, O‘zA