Milliy maqom san’ati, o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda alohida muhim o‘rin egallaydi.
Asrlar davomida ulug‘ shoir va olimlar, mohir bastakorlar, hofiz hamda sozandalarning mashaqqatli mehnati, shuningdek, fidoiyligi, ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelayotgan ushbu noyob san’at nainki yurtimiz va Sharq mamlakatlarida, balki dunyo miqyosida katta shuhrat va e’tibor qozongan.
Maqom san’atining gultoji bo‘lgan “Shashmaqom” YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatda e’tirof etilgani hamda uning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani buning yaqqol tasdig‘idir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori O‘zbek maqom san’atini o‘ziga xos ijro maktablari va an’analarni yangi bosqichda ravnaq toptirish hamda boshqa bir qator hujjatlar milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Andijon viloyati hududiy bo‘limi ansamblining “Ustozlarni eslab” nomli konsert dasturida maqom san’atimiz mamlakatimiz bo‘ylab ravnaq topayotganini yana bir karra namoyon bo‘ldi.
Ushbu konsert milliy musiqa san’atimiz xazinaga to‘lib toshgan ummon yanglig‘ ekanini muxlislarga namoyish etdi. Ayni paytda mamlakatimiz hududlarida iste’dodlar bisyor ekaniga ushbu musiqiy dastur davomida o‘z ifodasini topdi. Ayni paytda o‘zbek milliy musiqa san’ati dunyo san’atida o‘zining betakrorligi va go‘zalligi bilan ustvuorligi yana bir bor ko‘zga yaqqol tashlandi.
[gallery-26245]
Bugungi kunda O‘zbek milliy maqom san’ati markazining 13 ta hududiy ansambli yurtimizda samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ularining emin-erkin ijod qilishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan. Ayni paytda mazkur jamoalar turli madaniy tadbirlarda faol ishtirok etib, maqom san’atini faol targ‘ib etib kelmoqda.
Konsert dasturi mexmon xonandalaridan O‘zbekiston xalq artisti O‘zbekiston Qahramoni Munojot Yo‘lchiyeva hamda O‘zbekiston xalq artistlari Furqat Ashuraliyev va Elmurod Ahmedov milliy kuy qo‘shiqlarimiz bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, konsert dasturidan “Gul uzatsam”, “Dedi”, “Unutmoq kerak”, “Rahm etib”, “Nog‘ora bayot” kabi jami 20 dan ortiq milliy mumtoz qo‘shiqlarimiz o‘rin oldi.
Maqom kechasiga tashrif buyurgan tinglovchilar, bebaho boyligimiz bo‘lgan klassik va mumtoz musiqamiz durdonalarining ijro namunalaridan bahramand bo‘ldilar.
Nazokat Usmonova, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA