Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida Maqom markazining respublika bo‘yicha barcha hududiy bo‘lim rahbarlari uchun seminar tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori Eldor Shermanov, Maqom markazi bosh direktori Farrux Yunusov, shuningdek hududiy bo‘lim direktorlari, badiiy rahbarlar va administratorlar qatnashdi.
Tadbir davomida hududiy markazlar faoliyatini baholash bo‘yicha KPI mezonlari aniqlashtirildi hamda keyingi bosqichlar uchun 22 ta ko‘rsatkich asosida vazifalar belgilandi.

Seminarda, shuningdek maqom san’atini targ‘ib qilishning zamonaviy yondashuvlari, yoshlar ongiga singdirish bo‘yicha samarali usullar, mahalliy jamoalarda madaniy faollikni kuchaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Hududlarda o‘tkaziladigan ijodiy tadbirlar, uchrashuvlar va jamoatchilik bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biri maqom sohasidagi targ‘ibot va media faoliyatga bag‘ishlandi. Unda maqom san’atini targ‘ib etishga qaratilgan media strategiyalar, veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlar orqali kontent yaratish va tarqatish, ommaviy axborot vositalari bilan ishlash, videomaterial va fotoarxivni to‘g‘ri yuritish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi. Hududiy bo‘limlarning media faolligini oshirish, ijtimoiy tarmoqlarda yagona uslubni shakllantirish va muntazam axborot berib borish zarurligi ta’kidlandi.

Seminar davomida xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan turdosh markazlar tajribasi ham ko‘rib chiqildi va ularning samarali amaliyotlari asosida mahalliy markazlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Uchrashuv O‘zbek milliy maqom san’ati instituti va Maqom markazi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yangi bosqichi bo‘lib, kelgusida qo‘shma loyihalar, ijodiy tashabbuslar va tizimli islohotlar uchun mustahkam zamin yaratadi.
N.Usmonova,
O‘zA