Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqom san’ati murakkab va “xos”lar san’atidir
12:14 / 2024-02-03

Insoniyat tafakkurining yorqin mahsuli bo‘lgan maqom san’atini keng targ‘ib qilish, uni, ayniqsa, yoshlar orasida ommalashtirish bo‘yicha yangi loyihaga qo‘l urildi.

Gap shundaki, “Yangi O‘zbekistonda milliy maqom Renessansi an’analari” nomli ma’rifiy tadbirga start berildi. O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu tadbir Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida boshlandi.    

O‘zbek milliy maqom san’ati xalqimizning ulkan ma’naviy merosidir. Unda o‘zbek xalqining qadim tarixi, ma’naviy dunyosi, badiiy falsafasi ruhi mujassam. Shu bois necha asrdirki, maqom musiqaning oliy namunasi sifatida alohida ardoqlab kelinmoqda.  

Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, ta’bir joiz bo‘lsa,  o‘zbek mumtoz musiqasi tarixida yangi davrni boshlab berdi. Negaki, ushbu hujjat ijrosi doirasida maqom san’ati yanada rivojlantirilib, butun dunyo bo‘ylab tan olinmoqda, desak, ayni haqiqat.  

– Maqom – tinglovchilarni hayratga solib kelgan yirik musiqiy qomus, – deydi O‘zbekiston xalq artisti, Maqom ansambli badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilov. – Maqom murakkab va “xos”lar san’atidir. Ammo bugungi zamon talabidan kelib chiqib, maqom san’atini keng joriy qilish maqsadida yangicha yo‘nalishlar va usullarda ish olib borilyapti. Bunda davlatimiz rahbarining maqom san’atini takomillashtirishga qaratayotgani e’tibori bizga katta kuch va madad bo‘layotir. Bugun milliy musiqa san’atini  yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishga qaratilgan ma’rifiy tadbirni boshladik. Uni respublikamizning barcha hududlari, jumladan, oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazishni maqsad qilganmiz.  

Tadbirda Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli jamoasi tomonidan maqom san’atining nodir namunalari ijro etildi, milliy cholg‘uchilar tomonidan musiqiy kompozitsiyalar taqdim etildi.  

Jonli ijrodagi har bir asar davomli olqishlar bilan qarshi olindiki, bu maqom san’ati yoshlarning qalbiga kirib borayotganidan, ularga ma’naviy-ruhiy ozuqa berayotganidan yorqin dalolatdir.  

Marhabo MADAMINOVA, O‘zA