O‘zbek milliy maqom san’ati markazi muzey fondi o‘zbek musiqiy merosining zabardast namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti, bastakor va dirijyor To‘xtasin Jalilovga oid yana bir qimmatli to‘plam bilan boyidi.
Avvalroq Markazning Tarixiy ekspozitsiya bo‘limi boshlig‘i Nilufar Tursunqulova tashabbusi hamda yosh bastakor Behzodbek Tursunboyev tomonidan bastakorga tegishli bo‘lgan 1965 yilda ishlab chiqarilgan “Molodyojnыy” rusumidagi elektrofon va bir nechta tarixiy fotosuratlar muzey fondiga topshirilgan edi.

Yaqinda To‘xtasin Jalilovning oila a’zolari tomonidan san’atkorga tegishli bo‘lgan yana ikki noyob eksponat – bastakorning chizilgan portreti hamda unga berilgan faxriy orden va medallar Markaz muzey fondiga topshirildi.

Ushbu jarayonda To‘xtasin Jalilov ijodini chuqur o‘rganib kelayotgan yosh bastakor Behzodbek Tursunboyev faol ishtirok etib, yaqinlari bilan hamkorlikda bu tarixiy eksponatlarning Markazga yetib kelishiga bevosita ko‘maklashdi.
San’atkorga tegishli ushbu eksponatlar uning hayoti, shaxsiyati va musiqiy faoliyatini chuqurroq o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, chizilgan portret bastakor obrazining noan’anaviy san’at ifodasi sifatida qadrlansa, orden va medallar uning mamlakat san’atiga qo‘shgan hissasi va davlat tomonidan berilgan e’tirofidan dalolat.
Mazkur eksponatlar Maqom markazi muzeyi fondining ilmiy va madaniy salohiyatini yanada boyitadi, shuningdek, kelajak avlodlar uchun To‘xtasin Jalilov merosini keng targ‘ib qilish va chuqur tadqiq etish imkonini yaratadi.

Shuni ham aytish kerakki, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi muzey fondiga yaqin kunlarda yana juda qimmatli eksponatlar topshirildi. Bu safar taqdim etilgan xotira oddiy buyumlar emas. Ular milliy san’atimiz tarixidagi ikki noyob shaxsning sirli va boy ijodiy dunyosiga yo‘l ochadi.
Xalqimizning musiqiy merosida chuqur iz qoldirgan ikki buyuk san’atkor — O‘zbekiston xalq artisti Rasul qori Mamadaliyev va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muxtorjon Murtazoyev hayoti va ijodiga oid noyob materiallar san’atkorlarning oila a’zolari tomonidan markaz muzey fondiga topshirildi.
Yangi eksponatlar orasida ustoz san’atkorlar chertgan sozlari, kiygan sahna liboslari, nodir fotoalbomlar va noyob grammofon plastinkalari mavjud bo‘lib, ular ikki ustozning yorqin ijodiy merosidan dalolat beradi.
Mazkur eksponatlar ustoz san’atkorlarning boy ijodiy merosini asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish hamda maqom san’ati tarixini yanada chuqurroq o‘rganish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri