Keyingi yillarda Toshkent viloyatida maqom kechalarini o‘tkazish xayrli bir an’anaga aylandi. Hududda milliy ma’naviyatimizning ajralmas bo‘lagi bo‘lgan bu nodir va bebaho meros targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida ham “Maqomni birga kuylaymiz” nomli badiiy-musiqiy konsert dasturi – navbatdagi “Maqom kechasi” yuqori ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, maqom san’atining xalqimiz ma’naviy hayotida tutgan o‘rni, uning ildizlari sharq mumtoz adabiyoti va insoniy qadriyatlar bilan chambarchas bog‘liq ekanini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, “Shashmaqom” – xalqimiz badiiy tafakkurining yuksak mahsuli bo‘lib, asrlar davomida jahon madaniyati xazinasini boyitib kelmoqda. Shu bois mazkur noyob musiqiy meros YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Konsert davomida Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli hamda viloyat maqom ansambli jamoasi tomonidan ijro etilgan asarlar, jonli musiqiy chiqishlar va ijrochilarning yuksak ijro mahorati tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu konsert viloyatda tashkil etilgan “Maqom” markazi faoliyatining amaliy natijalari va ijodiy yutuqlarining o‘ziga xos sarhisobi sifatida ham e’tirof etildi.

– O‘zbek milliy maqom markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘limi 2018 yilda tashkil etilgan. Har yili o‘zbek milliy maqom san’atini aholi va ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib etish maqsadida poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida o‘z hisobot konsert dasturlari bilan ishtirok etadi. Bugunga qadar viloyat san’atkorlari tomonidan 20 dan ziyod o‘zbek milliy qo‘shiqlari va ohanglariga sayqal berib, maromiga yetkazib ijro etmoqda. Jumladan, “Popuri” “Yo vasli”, “Zeboligingdan”, “Xorazm mustahzodi” va shu kabi ko‘plab xalqona qo‘shiqlar muxlislar qalbidan chuqur o‘rin egallagan, – deydi O‘zbek milliy maqom markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘limi rahbari G‘olibjon Hojiyev.
A.Musayev, O‘zA.