O‘zbek xalqining asrlar davomida sayqallangan boy musiqa san’ati bu xalq ruhiyati, ma’naviyati, estetik dunyoqarashining yorqin ifodasidir. Xususan, maqom — bu o‘zbek musiqa merosining eng yuksak cho‘qqilaridan biri bo‘lib, unda nafaqat ohang, balki hayot falsafasi, ruhiy tarbiya va san’atning mukammal uyg‘unligi mujassam.
Maqom san’ati yillar, asrlar davomida ustoz-shogird an’analari asosida og‘zaki ravishda ajdodlardan avlodlarga o‘tib, o‘zining nafisligi, murakkab ijrosi va chuqur ma’naviy mazmuni bilan o‘ziga xos maktab yaratgan. Aynan shu an’ana tufayli maqom bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, balki yangi zamon ruhida yangicha talqin topib, xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.


Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida “Maqom ijrochiligida ustoz-shogird an’analari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ushbu anjumanda o‘zbek milliy musiqa madaniyatining yuksak namunasi bo‘lgan maqom san’atini asrab-avaylash, uni zamonaviy ta’lim tizimiga integratsiya qilishda ustoz-shogird maktabining tarixiy, nazariy va amaliy jihatlarini chuqur ilmiy asosda tahlil qilish, shuningdek, respublikamiz hamda xorijiy mamlakatlarda maqom san’ati bo‘yicha bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Sohada mavjud muammolar muhokama etildi, ularning yechimlari bo‘yicha xulosa va takliflar tayyorlandi.


Mazkur anjuman orqali turli davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, musiqashunoslar, ijrochilar va san’at arboblari o‘rtasida ilmiy-ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, maqom ijrochiligidagi an’anaviy merosni saqlagan holda uni zamonaviy pedagogik yondashuvlar bilan boyitish, yosh avlodda milliy musiqa madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda yangi avlod maqom ijrochilarini yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajriba va metodlarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
Anjuman doirasida ijrochilik maktablarining yirik namoyandalari tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilarning dolzarb mavzularda yozgan ilmiy maqolalari jamlangan “Maqom ijrochiligida ustoz-shogird an’analari” nomli maqolalar to‘plami nashr etilib, barcha mehmonlar va qatnashchilarga esdalik sovg‘asi sifatida taqdim etildi.
N.Usmonova, O‘zA