Avval xabar berganimizdek, Marg‘ilondagi “Ijodkorlar bog‘i”da xalqaro maqom festivali davom etmoqda.
Bog‘ hududidagi o‘ndan ziyod tabiiy sahnalarda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va mamlakatimiz viloyatlaridan kelgan san’atkorlar turli yo‘nalishdagi maqomlarni ijro etib, muxlislar bilan samimiy muloqot qilishmoqda.
“Nomoddiy madaniy meros fenomeni: askiya va qiziqchilik san’ati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi. Bundan tashqari, mamlakatning turli viloyatlaridan kelgan askiyachi va qiziqchilar “Askiya sayli”da ishtirok etishmoqda.
Marg‘ilondagi O‘zbekistonda yagona bo‘lgan Maqom musiqali teatrida “Ikki qalb nolasi” spektaklining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni xalqaro maqom musiqa festivali ishtirokchilari maroq bilan tomosha qildilar.
Ma’lumki, yaqin kunlarda Marg‘ilonda yana bir yirik xalqaro forum – “Atlas bayrami” bo‘lishi kutilyapti. Unga tayyorgarlik doirasida xalqaro maqom musiqa festivali ishtirokchilari uchun milliy liboslar namoyishi uyushtirildi.
[gallery-25570]
Bugun kunning oxirida “Ijodkorlar bog‘i”ning bosh sahnasida maqom jamoalari va yakka hofizlarning yakuniy chiqishlari kutilmoqda.
Muhammadjon Obidov, Olimjon Roziqov (surat), O‘zA