Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqom darg‘asidan tuhfa
19:55 / 2024-02-10

Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyevaning ma’rifiy-ijodiy kechasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu kechaga mumtoz musiqa ixlosmandlari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari taklif etildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda madaniyat va san’at, adabiyot rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ustoz san’atkorlarning mehnatini e’zozlash, ularning ijod maktabini tobora kengroq targ‘ib etish, asarlaridan xalqimizni bahramand qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.  

Xalqimizning suyukli xonandasi Munojat Yo‘lchiyeva ishtirokidagi ma’rifiy-ijodiy kecha ham xalqimizga manzur bo‘ladigan musiqiy loyihalardan biri, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Xonandaning repertuaridan maqom yo‘llari, o‘zbek mumtoz va xalq ashulalari, katta ashulalar, o‘zbek bastakorlari asarlari o‘rin olgan. Bastakor va sozanda Sh.Mirzayev boshchiligidagi musiqachilar guruhi bilan Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika mamlakatlarida ko‘p marta ijodiy safarda bo‘lgan.

Munojat Yo‘lchiyeva "Sharq taronalari" xalqaro musiqa san’ati festivalining ilk g‘olibidir. San’atkor "Mehnat shuhrati", "El-yurt hurmati", "Buyuk xizmatlari uchun" ordenlari, O‘zbekiston Qahramonidek yuksak unvonlarga sazovor bo‘lishi zamirida ham uning ulkan va zahmatli izlanishlari mujassamdir. Munojat Yo‘lchiyeva ijrosi nainki mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlarda ham sevib tinglanadi.

- Yurtimizda Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi keng nishonlayotgan shu kunlarda Munojat Yo‘lchiyeva ma’rifiy-ijodiy kechasi o‘tkazilishi bejiz emas, - dedi Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi direktori, filologiya fanlari doktori Olimjon Davlatov.- Zero, san’atkor Navoiy kabi alloma shoirlarimiz g‘azallarini musiqa san’ati orqali xalqimizga maromiga yetkazib taqdim etib kelmoqda. Bunday ijodiy kechalar zamirida ustoz san’atkorlar mehnatiga ehtiromning yaqqol namunasini ko‘rish mumkin.  

Ma’lumki, Navoiyning "Munojot" g‘azali bilan kuylanuvchi ashulaning ko‘plab talqinlari bor. Eng asosiysi unda muhabbatda da’vo va iddao bo‘lmasligi, uning birinchi sharti vafo va sadoqat ekani tarannum etiladi. Munojat Yo‘lchiyeva ham san’atga, xalqimizga, Vatanimizga  vafo va sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan ijodkorlardan sanaladi.

- Inson kasbi bilan go‘zal, - dedi O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov. - San’atkorning yurish-turishi, odobi, o‘zini tutishidan xalq namuna oladi. Munojatxon iste’dodga, xalqimiz ishonchiga, O‘zbekiston san’atkori, degan nomga munosiblikni mahkam tutib kelayotgan ijodkordir. Yoshlar Vatanni sevishni, san’atga fidoyilikni Munojat Yo‘lchiyevadan o‘rgansa arziydi.  

- Mamlakatimizda ijod ahlini qo‘llab-quvvatlashga ulkan e’tibor qaratilmoqda, - dedi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva. - Bunday e’tibor biz - san’atkorlarga yanada ko‘proq ilhom, kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Men ustozim Shavkat Mirzayev haqida gapirmoqchi edim. Bugun ularning tug‘ilgan kunlari. Ko‘plab ashulalar kabi "Kim keyin, kim ilgari" ashulasini maromiga yetkazib ijro etishda ularning xizmatlari katta edi.

Ma’rifiy-ijodiy kechada mumtoz navolar, maqom muxlislarining ko‘ngil mulkiga aylangan ashulalar yangradi. Tadbirda milliy maqom san’atimiz g‘oyat go‘zal  va betakror, asriy an’analarni o‘zida mujassam etgan bebaho meros ekani yana bir karra namoyon bo‘ldi.  

Ijodiy-ma’rifiy kecha nihoyasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov mamlakatimizda milliy ma’naviyatimizni asrab-avaylash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan buyon mazkur Simpoziumlar saroyi akademik, mumtoz san’atni targ‘ib etuvchi maskanga aylantirilishini, ushbu loyiha bu boradagi ilk qadam ekanini ta’kidladi.  

Ayni paytda milliy san’atimizni asrab-avaylash, uni xalqimiz va dunyo ahliga munosib tarzda taqdim etishda kamtarin, mehnatsevar, oddiy, ham viqorli, ulug‘vor san’atkor Munojat Yo‘lchiyevaning xizmatlari beqiyosdir.

Zero, dunyoning nufuzli davlatlarida ustoz xonanda O‘zbekiston sharafini ulug‘lab, milliy san’atimizni munosib tarzda namoyish etganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz.  

Kechada Prezidentimiz nomidan O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyevaga maxsus guldasta taqdim etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri