Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining viloyat markazidan 130, tuman markazidan esa 60 kilometr uzoqlikda joylashgan Katta o‘ra mahallasi hududining kengligi bilan ajralib turadi.
U 7 ta qishloqni qamrab olgan bo‘lib, bu yerda 3 ming 250 nafar aholi istiqomat qiladi. Masofaning uzoqligi va aholi xonadonlari tarqoq joylashganiga qaramay, mahallada ijtimoiy xizmatlar tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Asror Sharipov tomonidan aholining ehtiyojmand qatlami bilan manzilli ish olib borilmoqda. Bu esa ko‘plab oilalar turmush sharoitining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

Shu jihatdan, Mohira Urolova oilasi misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin. Uning qayni ukasi I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatda turadi. Oila holati o‘rganilib, Mohira Urolova unga qarovchi sifatida biriktirildi. Isitish mavsumida bir martalik moddiy yordam ajratildi, nogironlik aravchasi bilan ta’minlandi. Bu nafaqat oilaning iqtisodiy ahvolini yengillashtirdi, balki nogiron shaxsning kundalik hayotini ham ancha osonlashtirdi.

Umuman, 2025 yil davomida mahallalardagi ijtimoiy xodimlar tomonidan 29 ming 157 ta ijtimoiy ish (keys) ochildi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan va kambag‘allik reyestriga kiritilgan oilalar farzandlarini ta’limga jalb etish, ularning jamiyatga moslashuvini ta’minlash maqsadida 1 ming 525 ta “kichik loyiha” amalga oshirildi.


Natijada 1 ming 16 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi, 2 ming 975 nafarining bandligi ta’minlandi, 2 ming 560 nafar bola va yoshlar fan va sport to‘garaklariga jalb etildi.

Bu raqamlar ortida esa inson taqdiri, oila farovonligi va jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan ezgu harakatlar mujassam. Mahallada yo‘lga qo‘yilgan manzilli ijtimoiy xizmatlar aholi ishonchini mustahkamlab, “inson qadri uchun” tamoyilining hayotda o‘z ifodasini topayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri