Bugungi kunda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish davlat siyosatida ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, mahalla instituti orqali aholi muammolarini o‘rganish, ularni hal etish va oilalarning turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Buxoro viloyati Shofirkon tumani G‘ulomte mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Nigora Qurbonova ana shunday e’tiborga muhtoj oilalardan. U ikki nafar farzandning mehribon onasi bo‘lib, oilaning asosiy boquvchisi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i mavsumiy yollanma ishchi sifatida ishlab keladi. Oilaning moddiy ahvoli og‘irligi sababli mazkur xonadon kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Nigora Qurbonovaning 2019 yilda tug‘ilgan farzandi Umida bolalikdan nogironligi mavjud bo‘lib, doimiy tibbiy nazorat va maxsus parvarishga muhtoj. Mazkur oilaning holatini yaxshilash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida mahalla ijtimoiy xodimi Nozima G‘iyosova tomonidan individual xizmatlar rejasi ishlab chiqildi.
Xususan, bolalikdan nogironligi bo‘lgan Umida belgilangan tartibda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya ko‘rigidan o‘tkazildi. Shuningdek, uning salomatligini yaxshilash, rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy muhitga moslashuvini ta’minlash maqsadida kunduzgi parvarishlash xizmatiga jalb etildi.

Mahalla hokimi yordamchisi tomonidan Nigora Qurbonovaning uy sharoitida mehnat qilib, daromad topishi uchun milliy shirinliklar tayyorlashga mo‘ljallangan maxsus pech bilan ta’minlandi. Bu imkoniyat orqali ona tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, oila byudjetiga qo‘shimcha daromad kiritishni boshladi. Nigora Qurbonovaning bandligi ta’minlanib, u kunduzgi parvarishlash xizmatiga ishga joylashtirildi. Oilaning kommunal xarajatlarini yengillashtirish maqsadida tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya to‘lovlari ham rasmiylashtirildi.
Amalga oshirilgan ushbu chora-tadbirlar natijasida oilaning ijtimoiy himoyasi mustahkamlanib, ularning turmush sharoiti yaxshilanmoqda. Eng muhimi, farzandlar salomatligi va kelajagini ta’minlash yo‘lida amaliy qadamlar qo‘yildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.