English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Manzilli yondashuv samara bermoqda
17:14 / 2021-06-04

So‘nggi yillarda xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli hal etishning samarali tizimlari hayotga tatbiq etildi.

Xususan, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” asosida xotin-qizlar, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, ularga har tomonlama ko‘mak berish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hududlardagi muammolar “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” singari yondashuvlar asosida hal etilmoqda.  

Shu kunlarda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ishchi guruhi tomonidan respublikamizning kriminogen vaziyati murakkab mahallalari ilmiy yondashuv asosida o‘rganilib, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ishchi guruhining galdagi manzili poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Feruza” mahallasi bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, mahalla hududida turli viloyatlardan ish izlab kelgan fuqarolar yig‘ilib turadi. Gavjum maskanda maishiy janjallar, o‘g‘irlik, firibgarlik kabi jinoyatlar tez-tez sodir etiladi. Statistik ma’lumotlar tahlil qilinganda, hududdagi jinoyatlarning aksariyati vaqtinchalik ishsiz shaxslar tomonidan sodir etilayotgani, bu esa shu atrofda tinch-osuda yashayotgan aholining ichki ishlar organlariga shikoyat bilan murojaat qilishiga sabab bo‘layotgani ma’lum bo‘ldi.  

\

Mazkur holat atroflicha o‘rganilgandan so‘ng mahalla faollari ishtirokida uchrashuv tashkil etilib, doimiy ish o‘rniga muhtoj xotin-qizlar va yoshlarning oilaviy sharoitini o‘rganish, ularni o‘zi istiqomat qilayotgan hududda doimiy ish bilan ta’minlash, muammolarini joyida hal etish masalalari muhokama qilindi. Aholi bilan ishlashda “mahallabay”, “fuqarobay” singari tizimlarning samaradorligini yanada oshirish, hududlarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni o‘z vaqtida bartaraf qilish, har bir mahallaning ichki imkoniyatidan kelib chiqqan holda joylarda qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etish orqali ayollarning oilaviy daromadini oshirish borasida zarur vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlash joizki, “Feruza” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazi uchun alohida bino barpo etish rejalashtirilgan. Biroq markazning qurilish ishlari ayrim sabablar tufayli ancha vaqtdan beri to‘xtab qolgan edi. Ishchi guruhi vakillarining sa’y-harakati bilan mazkur masala ham ijobiy yechim topdi va qurilish ishlari jadallashtirildi. Markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, vaqtincha ishsiz fuqarolar qonuniy tartibda ish bilan ta’minlanadi.  

Mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan poytaxtning boshqa mahallalarida ham uchrashuvlar o‘tkazilib, fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ularning oilaviy muammolarini hal etish orqali hududlarning kriminogen vaziyatini barqarorlashtirish, shuningdek, jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Jamshid XOLOV,

IIV Akademiyasining Axborot xizmati xodimi