Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, joylarda joriy etilgan kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Yangi hayot mahalla fuqarolar yig‘inida ham nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mahallada jami 1 ming 568 ta oila va 1 ming 2 ta xonadon mavjud bo‘lib, 131 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan.
Hududda joriy etilgan kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi orqali har bir murojaat individual yondashuv asosida ko‘rib chiqiladi. O‘tgan yil davomida 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 90 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgani tizim samaradorligini yaqqol namoyon etadi. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash va ularni jamiyat hayotiga faol jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Jumladan, 1-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs, yolg‘iz yashovchi fuqaro Anvar Ashurmatovga qator ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi, –deydi Yangi hayot mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Gulchehra Sulaymonova. – Unga elektron yuruvchi nogironlar aravachasi berildi, yolg‘iz keksalar ro‘yxatiga kiritilib, assistent xizmati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, reyestrga kiritilib, psixologik, yuridik va moddiy yordam tayinlandi. Adaptiv sport turlariga jalb etildi. Fuqaroning shaxmat va shashka bo‘yicha bilim va tajribasi inobatga olinib, mahalladagi 4-maktab bilan hamkorlikda ijtimoiy loyiha amalga oshirildi. Bugungi kunda u 10 nafarga yaqin kam ta’minlangan oila farzandlariga shaxmat bo‘yicha murabbiylik qilib kelmoqda.

Bu esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida faol o‘rin egallashi, o‘z salohiyatini namoyon etishi mumkinligiga misoldir. Muhimi, manzilli yordam natijasida fuqaroning hayotga bo‘lgan qiziqishi ortib, turmush tarzida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Joylarda amalga oshirilayotgan bunday tizimli ishlar nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash nafaqat ijtimoiy himoya, balki ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotganini tasdiqlaydi.
Ta’kidlash lozimki, inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyatda mehr, e’tibor va amaliy yordam eng katta kuchdir. Undan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish esa farovon hayotga yetaklaydi.
Abdulaziz Musayev, O‘zA