Guliston tumanidagi Ahillik mahallasida 6 gektar yer maydoniga 15 mingdan ortiq manzarali va mevali ko‘chat ekish ishlari amalga oshirildi. Bu eng katta ko‘lamdagi kuzgi ko‘chat ekish tadbiri bo‘lib, tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev rahbarligida tashkilot va idoralar rahbarlari, faol nuroniylar hamda xodimlar ishtirokida o‘tkazildi.
Tadbir davomida ekilgan ko‘chatlar kelgusida soya-ta’sirli daraxtlarga aylanishi uchun yer tayyorlandi, drenaj tizimi o‘rnatildi va sug‘orish imkoniyatlari ta’minlandi. Mazkur chora-tadbirlar aholi uchun ekologik toza, soya-salqin va yashashga qulay muhit yaratishga qaratilgan.

— “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tuman bo‘yicha kuzgi ko‘chat ekish mavsumi rejalashtirilgan tartibda va har bir tadbir yuqori darajada uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yerni tayyorlash, drenaj tizimini o‘rnatish va sug‘orish imkoniyatlarini ta’minlash kabi chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bular ekilgan ko‘chatlarning mustahkam ildiz otishi va kelgusida soya-ta’sirli daraxtlarga aylanishi uchun asosiy zamin yaratadi. Loyiha nafaqat ko‘chalar va maydonlarni obod qilish, balki aholining hayot sifatini oshirish, bolalarimiz uchun sog‘lom va qulay muhit yaratishga ham xizmat qiladi, — dedi tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev.

Tuman hokimligi rejasiga ko‘ra, mazkur hududda ko‘chatlarni muntazam parvarish qilish, sug‘orish va qo‘shimcha ko‘kalamzorlashtirish ishlari tizimli olib boriladi.

Kuz fasli davomida barpo etilgan yangi yashil hududlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholining hayot sifatini oshirish va bolalar uchun sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri