Huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida navbatdagi poraxo‘rlik holati fosh etildi.
Davlat kadastrlar palatasi Arnasoy tuman bo‘limida ishlovchi mansabdor shaxs yer hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 50 million so‘m pora talab qiladi. U so‘ralgan pullarni makler bo‘lib ishlovchi vositachi orqali olgan. Pora oldi-berdisi aynan shu vositachi orqali amalga oshirilgan va ular ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bu holatda gap yer maydoniga qurilish qilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish haqida ketayotgan bo‘lsa-da, ortida qonunga xilof ish qilish, egallab turgan lavozimini suiiste’mol qilgan holda, mansabidan foydalanib, noqonuniy boylik orttirish istagi yotganligi oynadek ravshan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruvni boshlab yubordi.
Mansabidan foydalanib, boylik ortirish bu jinoyat. Jinoyat esa qonunni buzish demakdir. Qonunni buzganlar esa qonun oldida javob berishlari shart.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri