Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mansabdorlik foydalanilgan suv uchun to‘lovdan ozod qiladi, degani emas
11:06 / 2025-11-28

Kuni kecha “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Tinchlik mahallasida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbiri davomida qiziq holatga duch kelindi. Mahalladagi ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonda yashayotgan fuqaroning suvdan qarzi borligi sababli eshigi taqillatilganda xonadon sohibi hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan B.H ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Tuman suv ta’minoti korxonasi rahbari Valisher Haydarovning ta’kidlashicha, “hokim yordamchisi” 2023 yilning dekabr oyidan buyon to‘lov qilmaydi. Bugungi kun holatida kanalizatsiya xizmatlari va ichimlik suvidan 600 ming so‘mdan ortiq qarzi bor. Ichimlik suvini hovuzga suv solib ichyapmiz deb, umuman to‘lamaydi. 

Nazorat tadbirlari davomida ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlardan muddati o‘tgan qarzdorlikka yo‘l qo‘ygan iste’molchilarga qonun talablari yuzasidan  tushuntirish berildi.

Aniqlanishicha, ushbu mahallada yashovchi aholi iste’molchilarining suv ta’minoti korxonasi oldidagi debitor qarzdorligi 126  million so‘mni tashkil etadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kasbi tumani bo‘yicha bugungi  kun holatida debitor qarzdorlik 1 milliard 144 ming so‘mga yetgan bo‘lsa, shundan 1 milliard 37 ming so‘mi aholi iste’molchilari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ta’kidlash lozimki, 2025 yil 1 noyabr holatida viloyat bo‘yicha jami qarzdorlik 36 milliard 900 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Shundan 35,5 milliard so‘mi aholi iste’molchilariga to‘g‘ri keladi. Salkam 1,5 milliard so‘m esa yuridik, byudjet va ulgurji iste’molchilarga tegishli.

– 2025 yil 1 yanvar holatiga debitor qarzdorlik 70 milliard so‘mni tashkil qilgan, – deydi “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ axborot xizmati rahbari Ixtiyor Umarov. – Prokuratura organlari tomonidan ichimlik suvidan debitor qarzdorlikni kamaytirish borasida zarur chora-tadbirlar belgilab olingan. Xususan, qarzdorliklarni undirish ishlarini jadallashtirish maqsadida viloyat, tuman-shaharlarda maxsus shtablar shakllantirildi. Xususan, “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJda “Sudlarga ariza kiritish bo‘yicha shtab” tashkil qilinib, 19 milliard so‘mlik 6 ming 159 ta arizalar kiritildi. “Mahalla yettiligi” hamda suv ta’minoti korxonasi mutaxassislari jalb etilgan holda “undiruv guruhlari” tashkil qilinib, 92 milliard so‘m undirildi hamda 35,3 milliard so‘m noreal qarzdorlik hisobdan chiqarildi. Natijada, debitor qarzdorlik yil boshiga nisbatan 35,5 milliard so‘mga tushirildi.

Ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida 833 ta reyd tadbirlari o‘tkazilib, 833 ta noqonuniy holatlar aniqlandi.

Reydlar natijasida suv ta’minoti korxonasi manfaatiga 13,9 milliard so‘m zarar yetkazilganligi hisoblanib, aniqlangan holatlar bo‘yicha 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda 415 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Nazorat-reyd tadbirlari viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham davom etmoqda. 

Xususan, “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ hamda jamiyatning Qarshi shahar filiali xodimlari Qarshi shahar, Shodlik mahallasida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlari davomida ham ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlardan muddati o‘tgan qarzdorlikka yo‘l qo‘ygan iste’molchilarga qonun talablari yuzasidan tushuntirish berildi.

Ushbu mahallada 1 ming 585 nafar aholi iste’molchilari bo‘lib, ayni paytda ularning suv ta’minoti korxonasi oldidagi debitor qarzdorligi 346 million so‘mni tashkil etadi.

Bu kabi reyd tadbirlarini o‘tkazishdan maqsad viloyat aholisining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri