Buxoro viloyati Jondor tumani tibbiyot birlashmasida giyohvand dori vositalari talon-taroj qilingani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati boshqarmasi hamda prokuratura organlari tomonidan o‘rganilgan.
O‘rganish jarayonida 2024 yildan buyon tuman tibbiyot muassasalarida giyohvandlik va psixotrop vositalarning saqlanishi hamda ulardan maqsadli foydalanish tartibi o‘rganilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 2025 yil yanvar-iyul oylarida reanimatsiya bo‘limiga ichki dorixonadan qabul qilingan ayrim dori vositalari hisobida yetishmovchiliklar aniqlangan.
Natijada, 10 ampula “Morfin gidroxilorid”, 20 ampula “Fentanil 0,005 foiz”, 2 ampula “Promedol 2 foiz”, 10 ampula “Promedol 1–2 foiz” giyohvand dori vositalari noqonuniy ravishda yo‘qotilgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv xulosalariga ko‘ra, tibbiyot birlashmasi mas’ul shaxslari harakatlarida giyohvand moddalarni qonunga xilof ravishda egallash jinoyati alomatlari aniqlangan. Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 271-moddasi 2-qismi (“v” va “d” bandlari) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda Jondor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan so‘roq qilish, yuzlashtirish, tanib olish uchun ko‘rsatish va boshqa tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.