Odil sudlovga erishish fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari himoyasida muhim hisoblanadi. Bu borada ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. 2017-2024 yillarda ma’muriy sudlar tomonidan 102 mingdan ortiq ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning 61 mingga yaqini yoki 60 foizi qanoatlantirilgan.
Bugungi kunda ma’muriy sudlar faoliyatiga ilg‘or xorijiy tajribalar tatbiq etilmoqda.
Quyi palata majlisida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Loyiha bilan ma’muriy sud ishlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish, ya’ni fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy, xalqaro standartlarga mos mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Loyihada davlat organlari mansabdor shaxslarining sud majlislarida majburiy ishtiroki belgilanmoqda. Asossiz sabablar bilan sudga kelmagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimalari qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda. Bu davlat organlari mas’uliyatini oshirish, sud jarayonlarida haqiqiy tortishuv va ochiqlikni ta’minlash, odil sudlovni tashkil etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, sudga hurmatsizlik qilganlik yoki sudning xususiy ajrimlarini ijro etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish vakolati bevosita ma’muriy sudlarning o‘ziga berilmoqda. Bu sud hokimiyatining nufuzi va ta’sirchanligini yanada mustahkamlaydi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeklarga hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu yangiliklar ma’muriy sud ishlarini yuritish samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan yangi institut va tartiblarni joriy etishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasi bilan joriy etilayotgan muhim yangiliklardan biri — “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipi. Unga ko‘ra, davlat organining qaror yoki hujjatiga ishonib, vijdonan harakat qilgan fuqaro yoki tadbirkorning huquqlari qat’iy himoya qilinadi. Davlat organi xatosi uchun halol faoliyat yuritgan shaxs javobgar bo‘lmasligi qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
Ma’muriy sudlarda ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, ma’muriy sud ishlarini yuritishda dastlabki eshituv instituti joriy etilyapti. Ushbu bosqich sud muhokamasigacha dalillarni to‘plash, da’vo talablarini aniqlashtirish va taraflarni kelishtirish imkonini beradi. Bu esa ishlarni ko‘rish muddatlarini qisqartirish, ortiqcha xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA