English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mansabdor shaxs yoki uning vakili ma’muriy sud majlisida majburiy ishtirok etishi joriy etilishi mumkin
12:21 / 2026-02-25

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlament nazorati faoliyati asoslarini yanada mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar parlamentning davlat va jamiyatdagi rolini oshirish, parlament nazoratining samarali va ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, sudyalarning mustaqilligini ta’minlash hamda sudyalik lavozimlariga malakali kadrlarni tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirishga qaratilmoqda.

Mazkur qonun bilan parlament faoliyatiga oid qonun hujjatlariga palatalar qo‘mitalari majlislarida davlat organlari rahbarlarining Konstitutsiya hamda qonunlarni, davlat dasturlarini ijro etish, o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha axborotini eshitishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Shuningdek, sudyalik lavozimlariga saylash uchun nomzodlarni dastlabki tarzda Senatning mas’ul qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani Oliy Majlis palatalariga taqdim etishning aniq muddati belgilanadi.  

 “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar va tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan esa  Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritilmoqda. Qonunchilik ma’muriy sud tomonidan nizolarni hal etish jarayonida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibini nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi va Iqtisodiy protsessual kodekslarga eksterritorial sudlovga tegishlilikni joriy etishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga davlat organining mansabdor shaxsi yoki uning vakili ma’muriy sudning majlisida majburiy ishtirok etishini ta’minlash, ishonchning huquqiy himoyasi prinsipi va dastlabki eshituv institutini kiritish nazarda tutilmoqda.

Bunday o‘zgartirishlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun sudlarga murojaat qilishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA