“Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi kutilmoqda.
Mazkur qonun Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun bilan mulkiy zararni qoplash uchun hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ularning manbalari belgilanmoqda.

Yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun undiriladigan mablag‘lar miqdori sudning qarori asosida aniqlanishi, jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, hududiy kengashlarga davriy hisobot taqdim etib borilishi, hududiy hokimliklar zararni qoplash uchun to‘langan mablag‘larni regress tartibida undirish choralarini ko‘rishi belgilanmoqda.

Qonun fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash, mansabdor shaxsning shaxsiy mas’uliyatini oshirish hamda davlat idoralari faoliyatida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.
“Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan mahalliy kengashlarga hokimliklarning ayrim vakolatlari hamda qonun hujjatlarida mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan umumiy vakolatlarning aniqlashtirilishi natijasida qo‘shimcha vakolatlar o‘tkazilmoqda.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalar mahalliy vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida ixtisoslashtirilmoqda.
“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqish asnosida uning qo‘llaniladigan sohasi kengaytirilayotgani qayd etildi. Qonun soliq, bojxona, davlat nazorati va tekshiruvi, fuqarolarning pensiya ta’minoti, harbiy ro‘yxatga olish va harbiy xizmatga chaqirish, shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalarini ajratish va olib qo‘yish kabi tartib-taomillarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.
Qonun yuzasidan qo‘mita a’zolari va ekspertlari tomonidan bir qator takliflar bildirilib, uni chuqur o‘rganib, tahlil qilish lozimligi qayd etildi. Ko‘rib chiqilgan qonunlar bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA