Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Manish Prabhat: Bobur – buyuk qalb egasi
13:58 / 2023-02-14

Elchining e’tirofi

Har yili 14 fevral kuni insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi, mohir sarkarda sifatida butun jahonga ma’lum va mashhur Zahiriddin Muhammad Boburning tug‘ilgan kuni keng nishonlanadi. Shoh va shoir bobomizning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz, xalqimizning adabiy-estetik tafakkuri shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida ham beqiyos ahamiyatga ega.

Hindistonlik mutaxassislar Boburning hukmronlik davrini turlicha talqin qilsa-da, baribir, u asos solgan sulola ushbu mamlakat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganini e’tirof etishadi. Zero, bobomiz Agra va Dehlida ko‘plab yirik bog‘lar barpo etgani, ariqlar qazdirgani, masjid, maktablar bunyod etgan.

Bobur va Boburiylarga taalluqli moddiy boyliklar, asarlar nusxalari va qo‘lyozmalari dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Hindistonda ham bu haqdagi tarixiy manbalar bisyor. 1528 yili nashr etilgan “Devoni Bobur” qo‘lyozmasi va 1640 yilda chizilgan “Shahzoda Doro Shukuhning to‘yi marosimi” miniatyurasi nusxasi shular jumlasidan. Ushbu noyob asarlar nusxalari mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida yurtimizga olib kelingan.

Darhaqiqat, o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi ma’naviy-ma’rifiy yaqinlik buyuk ajdodlar qurdirgan imoratlarda ham yaqqol aks etgan.

Xususan, Dehlidagi Humoyun maqbarasi, “Qizil qal’a”, “Ko‘hna qal’a”, Agradagi “Toj Mahal” va Akbarshoh maqbarasi kabi majmualar Hindiston va O‘zbekistonning umumiy tarixidan, madaniy an’analaridan so‘zlaydi.

Darhaqiqat, Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari qoldirgan bebaho ilmiy, ma’naviy-madaniy meros har birimizning qalbimizda buyuk bobokalonlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usini jo‘sh urdiradi, yurtni, Vatanni yanada kuchliroq sevishga undaydi.

Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhat Bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi oldidan O‘zA muxbiriga intervyu berarkan, buyuk sarkardani shunday xotirladi:

– Sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan olamga dong‘i ketgan buyuk davlat arbobi shaxsiga to‘xtalmoqchiman. U Hindistonni zabt etgandan so‘ng mamlakatda yirik imperiyaga asos solgan, keyinchalik saltanatini kengaytirgan. Ayniqsa, mamlakat shimolida ulkan o‘zgarishlar qilgan.

XVI asrga borib taqaladigan bu tarixiy rivojlanish jarayoni mamlakatni butunlay o‘zgartirib yuborgan. Boburiylar sulolasi hukmronligi davrida nafaqat tarixiy ma’noda, balki siyosiy barqarorlikda ham ulkan ishlar olib borilgan. Masalan, Akbarshoh til, madaniyat, falsafa va dinga alohida urg‘u qaratgan. Barcha sohalarga rivojiga ahamiyat berilgan, davlat boshqaruvi va boshqa yo‘nalishlarda ezgu ishlarni Boburiylar sulolasi izchil davom ettirgan.

Bobur Mirzo tarixiy shaxs, mohir sarkarda. Buni Hindiston misolida ko‘plab faktlar bilan keltirish mumkin. Bobokalonimiz Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi rishta mustahkamlanishi, ikki tomonlama aloqa yanada rivojlanishida mustahkam ko‘prik vazifasini bajaryapti.

O‘tgan yil Bobur jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda qatnashish imkoniga ega bo‘ldim. O‘shanda dastlab Boburnoma asarida keltirilgan boqqa kirdik, Bobur haykalini ko‘rdik. Bobur muzeyidagi qabr, saqlanib qolgan tarixiy obidalar, shoir yashab, ijod qilgan davr, turli kechinmalar aks etgan Boburnoma asarida yozib qoldirilgan nomalarga ko‘zimiz tushdi. O‘sha qo‘lyozmalarda alloma kechinmalari, oilasi, Vatan sog‘inchi haqida misralar bisyor.

Boburnomadan bizga ulkan adabiy, tarixiy meros qolgan. “Boburnoma” dunyoga mashhur asar sifatida mutolaa qilinadi. So‘zim so‘ngida shuni xulosa qilmoqchiman: Boburni Hindiston jamiyati, madaniyati, sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan davlat arbobi, yozuvchi sifatida bir umr xotirlaymiz. U ikki davlat birlashishida uzoq tarixdan hozirgi kunga qadar ko‘prik vazifasini bajarib kelayotgan buyuk qalb egasidir.

Shu tarixiy rishta abadiy davom etishi, zamonaviy dunyoda hamkorligimiz yanada rivojlanishiga biz ham hissa qo‘shishga harakat qilishimiz lozim.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/qufunmmjFvg" title="Маниш Прабҳат: Бобур – буюк қалб эгаси" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Behruz Xudoyberdiyev,

Nishonboy Abduvoitov (video) tayyorladi.

O‘zA