Joriy yil 26-30 may kunlari Filippin Respublikasining Manila shahrida “Suv resurslari va urbanizatsiyani rivojlantirish - 2025” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston nomidan iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari ishtirok etdi.
Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tashkil etilgan mazkur forumda urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi va ipoteka dasturlari masalalari muhokama qilindi.
E’tiborlisi, forum doirasida tashkil etilgan “Pilot loyihalardan rivojlanishgacha: xususiy sektor ishtirokida uy-joy tanqisligini yengib o‘tish” nomli panel muhokamasi O‘zbekiston uchun yanada ahamiyatli bo‘ldi.
Mazkur sessiyada Iqtisodyot va moliya vazirligi boshqarmasi bosh mutaxassisi Shohruxbek G‘aniyev hamda “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ bosh direktori Murodjon Farmonov yurtimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida taqdimot qildi. Ularning qayd etishicha, davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizda ipoteka kreditlari berishning zamonaviy bozor mexanizmlari joriy etilgan. Uy-joy qurilishiga xususiy pudrat tashkilotlari keng jalb etilib, ijtimoiy ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashda manzillilik va shaffoflik tamoyillari asosida ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, so‘nggi besh yillikda umumiy maydoni 21,7 million kvadrat metrni tashkil etuvchi ko‘p kvartirali uy-joylar qurilgan. Birlamchi uy-joy bozorida fuqarolar tomonidan sotib olish uchun 350 mingdan ortiq ipoteka kreditlari ajratilgan va ulardan 70 mingdan ortig‘i davlat subsidiyasi asosida moliyalashtirilgan.
Muhokama yakunida mamlakatimizda uy-joy bilan ta’minlash tizimini bozor mexanizmlariga asoslangan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha rejalarga ham urg‘u berildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur xalqaro forum O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi yutuqlari va tajribasini namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA