French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mangulikka muhrlangan qadriyat
14:08 / 2020-08-29

Mamlakatimizda 2001-yildan buyon 31-avgust – “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlanmoqda.

31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni

Mamlakatimizda 2001-yildan buyon 31-avgust – “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlanmoqda. Mustaqillik bayrami arafasida oʻtkaziladigan ushbu marosim milliy anʼana va qadriyatlarimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Vatan tinchligi, ozodligi va kelajak avlodlar farovonligi yoʻlida kurashlar olib borgan, haqiqatdan voz kechmay, gʻanimlarga bosh egmay, jon fido qilgan aziz vatandoshlarimiz xotirasi mana 19 yildirki, xalqimiz tomonidan munosib qadrlanib, yodga olinadi va hurmat-ehtirom koʻrsatiladi.

Maʼlumki, xar bir millat, yurt, davlat tarixida yuksalish va tanazzul, taraqqiyot va inqiroz, farovonlik va xaroblik, roʻshnolik va zulumot davrlari boʻladi. Biroq hamisha xalqlar va davlatlar aqlu zakovatli, azmu shijoatli, vatanparvar, millatparvar, fidoiy shaxslar saʼy-harakatlari natijasida tanazzul, inqirozdan omon chiqib hurriyatga, yuksalishga, taraqqiyotga, farovonlikka, roʻshnolikka erishadi.

XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asrning 80-yillaridagi chor va sovet mustamlakachiligi davri Vatanimiz tarixida siyosiy, iqtisodiy, madaniy, maʼrifiy jihatdan qoloqlikka yuz tutgan, xalqimiz boshiga jabru zulm yogʻdirilgan, milliy oʻzlik toptalgan yillar boʻldi. Ayniqsa, XX asr boshlarida oʻrnatilgan mustabid sovet tuzumi tariximizda ogʻir jarohatlar qoldirib, katta qurbonlar va yoʻqotishlarga olib keldi. Xalqimiz boshiga cheksiz musibatlar keltirdi, minglab ajdodlarimiz Vatan ozodligi yoʻlida qurbon boʻldi.

Afsuski, tariximizning aynan shu ogʻir pallasida millatning dardiga darmon boʻlmoq, taraqqiyotga, maʼrifatga yetaklamoqchi boʻlgan Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Fayzulla Xoʻjayev, Ubaydulla Xoʻjayev, Muso Saidjonov, Abdurauf Fitrat, Choʻlpon, Qodiriy, Usmon Nosir, Elbek va boshqa yuzlab elparvar, fidoiy va isteʼdodli insonlar “aksilinqilobchi”, “millatchi”,“xalq dushmani " sifatida qatagʻon etildi. Ularning nomlari va xayrli amallarini tarixdan oʻchirib yuborishga harakat qilindi. Zulm va zoʻravonlikka asoslangan mustabid, beshafqat tuzum davrida millat qadr-qimmatini teran anglagan, maʼrifat va maʼnaviyat yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan taniqli davlat va jamoat arboblari, maorif, fan va madaniyat namoyandalari qatorida ming-minglab oddiy dehqonlar, hunarmand-kosiblar, ishchi-xizmatchilar aziz jonlaridan judo boʻldilar.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Buyuk ajdodlarimizning muqaddas xotirasi va jasorati oldida bosh egamiz”, deb taʼkidlaganida aynan shu jabrdiydalarning barchasini nazarda tutganligiga shubha yoʻq. Darhaqiqat, mustaqillik qoʻlga kiritilgach, tarixiy adolatni tiklash, shu jumladan, Vatan ozodligi yoʻlida shahid ketgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish masalasiga katta eʼtibor qaratildi.

Toshkentning Yunusobod tumanida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui barpo etildi va 2000-yil 12-may kuni tantanali ravishda ochildi. Vatan va xalq ozodligi yoʻlida qurbon boʻlgan ajdodlarimizning porloq xotirasi ana shu yodgorlikda oʻz abadiyatini topdi.

2001-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq 31-avgust mamlakatimizda “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” deb eʼlon qilindi. 2002-yil 31-avgustda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasining maʼnaviy-maʼrifiy markazi hisoblangan “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 5-maydagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi faoliyatini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan keng koʻlamdagi ilmiy hamda amaliy ishlar amalga oshirilib, 10 boʻlimdan iborat, uch zalga joylashtirilgan muzeyning yangi ekspozitsiyasi yaratildi. Ekspozitsiya davriy chegarasi XIX asr oxiridan to Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan kungacha boʻlgan uzoq davrni qamrab olgan. Oʻzbekistonning mustaqillik yillarida qoʻlga kiritgan yutuqlari haqida esa alohida zal ekspozitsiyasi hikoya qiladi.

Oʻzining 18 yillik faoliyati davomida muzey qatagʻon qurbonlarining xotirasini abadiylashtirish, ilmiy-ijodiy merosini chuqur oʻrganish, yoshlarda istiqlol gʻoyalariga sadoqat, vatanparvarlik va fidoyilik tuygʻularini kuchaytirish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu esa muzeyga tashrif buyuruvchi hamyurtlarimiz safining tobora ortishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Birgina 2016-2019-yillarni oladigan boʻlsak, muzeyga jami 209 ming 779 nafar turli toifadagi kishilar kelgan.

Muzey xodimlari tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijasida 30 dan ortiq monografiya nashr etilib, 200 dan ortiq ilmiy maqola eʼlon qilingan. Ayniqsa, “Tarixning nomaʼlum sahifalari” (ilmiy maqolalar, arxiv hujjatlari va xotiralar) nomli davriy toʻplamni alohida qayd qilib oʻtish joiz. 2020-yil ushbu toʻplamning 9-kitobi nashrdan chiqarildi.

2017-yilda esa muzey tarixida oʻta muhim voqea sodir boʻldi. 2017-yil 31-avgust – “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” munosabati bilan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev muzeyga tashrifi chogʻida “ushbu muzey – muzeylarning muzeyi” deb, yuksak baho berdi. Ayni paytda muzeyning viloyatlarda ham boʻlimlarini tashkil etish boʻyicha taklif kiritib, bu muzeylar halqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun muqaddas ziyoratgoh, maʼnaviyat va maʼrifat oʻchogʻi boʻlib qolishi kerakligini taʼkidladi.

Bildirilgan taklif va mulohazalar asosida 2017-yil 22-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy taʼlim muassasalari tuzilmasida Qatagʻon kurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu muzey Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga oʻtkazilib, faoliyati yana-da kengaytirildi va takomillashtirildi.

Hozirgi kunda Qoraqalpoqiston Respublikasi va mamlakatimizning 12 ta viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari ochilib, samarali faoliyat olib bormoqda.

Muzey faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, xotira kechalari, davra suhbatlari, seminarlar, turli koʻrgazmalar, mavzuli maʼruzalar oʻtkazishdir. Bu yoʻnalishda faqatgina oʻtgan 2019-yilning oʻzida koʻplab qiziqarli ilmiy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi tomonidan “Tarixning nomaʼlum sahifalari” toʻplamining 8 kitobi, “Mahmudxoʻja Behbudiy” tanlangan asarlar toʻplami, shuningdek, “Munavvar qori Abdurashidxonov Turkiston taraqqiyparvarlarining sardori” va “Choʻlpon va uning adabiy merosi” ilmiy maqolalar toʻplamlarining taqdimoti oʻtkazildi. Atoqli adib, oʻzbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida Toshkent Fotosuratlar uyida “Abdulla Qodiriy Toshkenti” nomli badiiy koʻrgazma tashkil etildi. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi bilan hamkorlikda Turkistondagi milliy uygʻonish harakatining asoschisi Mahmudxoʻja Behbudiy (1874-1919 yy.) tavalludining 145-yilligi munosabati bilan “Mahmudxoʻja Behbudiy va uning Turkistondagi milliy uygʻonish davri maorifi, adabiyoti va sanʼatining shakllanishi va rivojlanishidagi roli” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.

Muzey ilmiy jamoasining izlanishlari natijasida qatagʻon qilingan siymolarga oid qator yangi maʼlumotlar aniqlanmoqda va eng muhimi ushbu maʼlumotlar ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazilmoqda. Bu borada muzeyning “Oʻzbekiston tarixi” telekanali bilan hamkorligi samarali boʻlmoqda. Xususan, 2019-yil sentyabr oyidan 2020-yil oraligʻida kanalning “Millat fidoiylari” koʻrsatuvi Germaniyada oʻqigan talaba jurnalist Maryam Sultonmurodova, ximik Sattor Jabbor, energetik Toʻlagan Moʻmin, agronom Abduvahob Murodiy, energetik Sulton Matqul, yengil sanoatchilar Rahmatjon va Muhammadjon Avazjonovlar, agronom Olimjon Qodiriy, agronom Solih Muhammad, yengil sanoat muhandisi Alovuddin Isomiddinov, vrach Bahouddin Amin, vrach Xayriniso Majidxonovalarning hayoti va faoliyatiga bagʻishlandi. “Tarixiy savol” koʻrsatuvining ham 10 dan ortiq maxsus sonlari efirga uzatildi.

2020-yilda muzey tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda yana bir mohiyatan chuqur maʼnaviy va tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan loyiha amalga oshirildi. 31-avgust – “Qatagʻon qurbonlari xotirasini yod etish kuni” arafasida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hududi, aniqrogʻi muzey binosi oldida iqtidorli yosh sanʼatkorlar chiqishlaridan iborat “Maqom kechasi” oʻtkazildi.

Milliy qoʻshiqchilik va musiqa sanʼatimizning rivojiga munosib hissa qoʻshgan, ilmiy jihatdan tadqiq etgan, qolaversa, milliy musiqa asboblarida kuy chalib, mumtoz qoʻshiqlarimizni maromiga yetkazib ijro qilgan Abdurauf Fitrat, Gʻulom Zafariy, Choʻlpon, Qayum Ramazon, Safo Mugʻanniy, Muhiddin qori Yoqubov singari koʻplab jadid maʼrifatparvarlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan ushbu soʻlim maskanda “Maqom kechasi”ning oʻtkazilishi taklifi ham, aslida, davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yildagi tashriflari chogʻida bildirilgan edi. Xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilingan mazkur tadbir ham kelgusida goʻzal bir anʼanaga aylanishi, shubhasizdir.

Navoiy davlat pedagogika instituti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyida oʻtkazilgan majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy taʼlim muassasalari tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari direktorlari Kengashi taʼsis etildi. Shu kuni “Quyi Zarafshon vohasida amalga oshirilgan qatagʻonlik siyosati va uning oqibatlari masalalarini oʻqitishning samarali usullari” mavzusidagi yana bir respublika miqyosidagi ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi.

Yangi taʼsis etilgan direktorlar Kengashi jamoatchilik asosidagi maslahat beruvchi organ hisoblanib, uning asosiy maqsadi muzey va hududiy muzeylarning ilmiy, ilmiy-ekspozitsiya, fond, maʼnaviy-maʼrifiy, nashr ishlarining asosiy yoʻnalishlarini shakllantirish va taraqqiy ettirishga oʻzaro koʻmaklashish, uslubiy yordam koʻrsatishdan, shuningdek, muzey hamda hududiy muzeylar ilmiy ekspozitsiyalarini boyitish, yangi ekspozitsiyalar hamda mavzuli koʻrgazmalar tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iboratdir.

Xulosa oʻrinida aytish kerakki, tarixiy xotirasi boʻlmagan, oʻtmishini unutgan, oʻz ajdodlarining qadriga yetmaydigan millatning istiqboli yoʻq. Milliy yuksalish sari intilayotgan ona Vatanimiz – Oʻzbekistonda esa tarixiy anʼanalar roʻyobga chiqib, milliy anʼanalar, qadriyatlar qadr topdi, xalqimizning orzu- armonlari ushaldi. Eng asosiysi, yurtimizda tinchlik va osoyishtalik barobarida inson xotirasi va qadrining shunday yuksak darajada ulugʻlanayotgani farzandlarimiz uchun tengsiz saboq va munosib ibratdir.

Baxtiyor HASANOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori,
“Shahidlar xotirasi” jamoat fondi raisi, tarix fanlari doktori